Claude marketologlar uçun: skill, plagin va ulagiçlar qöllanmasi
Claude’dan oddiy çat sifatida emas, töliq foydalaniş böyiça qöllanma: Project, skill, ulagiç va plagin nima, qayerdan boşlaş va qaysi tayyor yeçimlarni sinab köriş mumkin.
Claude’ga post yozdirdingiz, natija yaxşi çiqdi. Keyin reklama hisobotini söradingiz, u esa raqamlarni körmasdan umumiy maslahat berdi. Şunda tabiiy savol tuğiladi: Nega Claude mening işimni töliq tuşunmayapti? Sababi: köpçilik uni oddiy çat sifatida işlatadi, holbuki Claude marketologlar uçun ança keng imkoniyatlar beradi.
Bu postda Claude’ning marketolog uçun muhim qismlarini oddiy tilda tuşuntiraman: Project, skill, ulagiç va plagin. Keyin qaçon Claude işlatiş foydali ekanini, qayerdan boşlaşni va boşqa mutaxassislar tayyorlagan qaysi yeçimlarni bugunoq sinab köriş mumkinligini körib çiqamiz.
Maʼlumotlar 2026-yil noyabr holatiga köra yozilgan. Claude tez yangilanadi, şuning uçun menyu nomlari va tariflar özgarişi mumkin.
Claude nima va marketologlarga nima beradi?
Claude — Anthropic kompaniyasining sunʼiy intellekt yordamçisi. U matn yozadi, hujjat va jadvalni tahlil qiladi, fayl yaratadi, şuningdek ulangan ilovalar bilan işlaydi. Marketolog uçun eng muhimi şu: Claude faqat savolga javob bermaydi, balki köp bosqiçli vazifani boşidan oxirigaça bajara oladi. Ayniqsa, Claude marketologlarga matn, tahlil va rejalaş işida köp vaqtni tejaydi.
Claude bir neçta körinişda işlaydi:
Claude ilovasi (claude.ai, kompyuter va telefon ilovasi). Marketolog asosan şu yerda işlaydi.
Claude Code. Asosan dasturçilar uçun möljallangan, terminalda yoki kod muharririda işlaydi. Sayt, skript yoki avtomatlaştiriş kerak bölsa, u marketologga ham yordam beradi.
API. Claude’ni öz mahsulotingizga ulaş uçun kerak, şuning uçun bu köproq dasturçilar işi.
Bu postda asosan Claude ilovasi haqida gaplaşamiz. Agar Claude Code işlatsangiz, siz uçun alohida izohlar ham qoldiraman.
Claude marketologlarga qaçon foydali, qaçon emas?
Claude kuçli vosita, lekin hamma vazifada bir xil yaxşi işlamaydi. Quyidagi jadval qaysi işda unga işoniş mumkinligini va qayerda nazorat sizda qolişi kerakligini körsatadi.
Vazifa | Claude mos keladimi | Nimaga eʼtibor beriş kerak |
|---|---|---|
Post, maqola, reklama matni qoralamasi | Ha | Matnni özingiz tahrir qiling, faktlarni tekşiring |
Brend ovozida yoziş | Ha, Project yoki skill bilan | Brend qöllanmasini bir marta yuklab qöying |
Katta hujjat yoki jadvalni tahlil qiliş | Ha | Xulosalarni asl raqamlar bilan soliştiring |
Kontent reja, kampaniya rejasi | Ha | Qidiruv hajmini alohida vosita bilan tekşiring |
Joriy reklama va sotuv raqamlari | Faqat ulagiç bilan | Ulagiçsiz Claude kabinetingizni körmaydi |
Faktlar va statistika | Ehtiyotkorlik bilan | Manbasi yöq raqamni postga qöymang |
Hisob-kitob (ROAS, byudjet, marja) | Ha, kod orqali | Hisobni kodda bajarişini alohida sörang |
Yakuniy strategik qaror | Yordamçi sifatida | Qaror va javobgarlik sizda qoladi |
Qisqasi, Claude fikrlaş va yoziş talab qiladigan işda kuçli. Biroq raqam, fakt va qaror bor joyda oxirgi söz sizniki bölişi kerak.
Claude marketologlar uçun qanday qismlardan iborat?
Claude ilovasida törtta asosiy tuşunça bor: Project, skill, ulagiç va plagin. Skill, ulagiç va plaginlar çap paneldagi Customize menyusida bir joyga yiğilgan. Agar ularni bir-biridan ajrata olsangiz, Claude bilan işlaş ança osonlaşadi.

Project (loyiha): doimiy kontekst
Project — bir mavzu böyiça çatlar va fayllar uçun alohida joy. Odatda unga brend qöllanmasi, auditoriya tavsifi va narxlar röyxatini yuklaysiz. Keyin şu Project içidagi har bir çatda Claude bu maʼlumotdan foydalanadi.
Masalan, har bir mijoz uçun alohida Project oçing. Agentlikda işlasangiz, bu ayniqsa qulay, çunki bir mijozning maʼlumoti boşqasinikiga aralaşmaydi.
Skill (könikma): takrorlanadigan iş tartibi
Skill — körsatmalar, skriptlar va qöşimça fayllardan iborat papka. Claude uni doim emas, faqat vazifaga kerak bölganda yuklaydi. Asosiy fayl SKILL.md deb nomlanadi va unda işni qanday bajariş yozilgan böladi.
Project bilan farqi muhim. Claude yordam markazi tuşuntirişiça, Project doim yuklanib turadigan maʼlumotlar ombori sifatida tuşunsangiz böladi. Skill esa aniq bir işni qanday qilişni örgatadi va istalgan çatda işlaydi. Misol uçun, “Instagram post yoziş” skilli matn uzunligi, xeşteglar soni va harakatga çaqiruv qoidalarini saqlab turadi.
Connector (ulagiç): ilovalaringizga kiriş
Ulagiç Claude’ni boşqa ilovalarga boğlaydi: Google Drive, Notion, HubSpot, reklama kabinetlari. Bunda Claude maʼlumotni özi oladi, baʼzi ulagiçlarda esa hatto maʼlum bir vazifalarni ham bajaradi. Eng muhimi, ruxsatlar sizning hisobingizdan olinadi: siz köra olmaydigan faylni Claude ham körmaydi.
Ulagiçlar MCP (Model Context Protocol) standartida işlaydi. Bundan taşqari, katalogda bölmagan xizmatni server manzili orqali maxsus ulagiç sifatida qöşiş mumkin. Ammo bepul tarifda faqat bitta maxsus ulagiç işlatsa böladi.
Şunday qilib, ulagiç va skill bir-birini töldiradi. Ulagiç vositaga kiriş imkonini beradi, skill esa bu vositadan qanday töğri foydalanişni örgatadi.
Plugin (plagin): tayyor töplam
Plagin bir neçta skill, buyruq va ulagiçni bitta paketga birlaştiradi. Uni örnatsangiz, kerakli ulagiçlar ham birga sozlanadi, şuning uçun har birini alohida ulaş şart emas. Örnatilgandan söng plagin skillari çatda “/” belgisini yozganda yoki “+” tugmasini bosganda körinadi.
Plaginlar pullik tariflarda işlaydi: Pro, Max, Team va Enterprise.
Marketologlar Claude’dan foydalanişni qayerdan boşlaşi kerak?
Hamma imkoniyatni birdaniga sozlaş şart emas. Quyidagi tartibda boşlasangiz, birinçi haftadayoq farqni sezasiz.
Project oçing. Brend qöllanmasi, mahsulot tavsifi va 2–3 ta eng yaxşi postingizni yuklang. Şuningdek, Project körsatmalariga til, uslub va işlatilmaydigan sözlarni yozib qöying.
Şaxsiy sozlamalarni töldiring. Settings bölimida kimligingizni va javob uslubini qisqa yozing. Bu maʼlumot barça çatlarga taʼsir qiladi, şu sababli uni aniq yozing.
1–2 ta ulagiç qöşing. Avval eng köp işlatadigan ilovani ulang, masalan, Google Drive yoki Notion. Çatdagi “+” tugmasi → Connectors → Manage connectors tugmasi orqali katalog oçiladi.
Marketing plaginini örnating. Customize → Plugins → Browse plugins → Install. Bu Anthropic’ning rasmiy plagini, ayniqsa yangi boşlovçilar uçun qulay.
Bitta vazifada sinab köring. Misol uçun, keyingi oy uçun kontent reja sörang. Söng natijani özingiz tuzgan reja bilan soliştirib çiqing.
Yaxşi işlagan sörovni skillga aylantiring. Bir xil sörovni uçinçi marta yozayotgan bölsangiz, uni skill qilib saqlaş vaqti keldi.
Marketologlar uçun Claude’da 6 ta amaliy misol
Quyidagi misollarda nima ulanişi kerakligi va namunaviy sörov berilgan. Sörovni öz biznesingizga moslab özgartiring.
1. Oylik kontent reja
Kerak böladi: brend maʼlumoti yuklangan Project. Namunaviy sörov:
Dekabr oyi uçun Telegram kanalimga 12 ta post rejasini tuz. Har biri uçun mavzu, maqsad, format va harakatga çaqiruv yoz. Bayram va savdo kunlarini hisobga ol.
Odatda Claude jadval körinişida reja beradi. Siz esa mavzularni biznesingiz holatiga qarab tahrir qilasiz.
2. SEO audit
Kerak böladi: marketing plaginidagi /marketing:seo-audit buyruği yoki Ahrefs ulagiçi. Namunaviy sörov:
Mana bu sahifani SEO böyiça tekşir: sarlavha, meta tavsif, sarlavhalar tuzilmasi va içki havolalar. Eng muhim 5 ta yaxşilasa böladigan narsalarni röyxatini qilib ber.
Agar SEO siz uçun yangi bölsa, avval SEO nima ekanini tuşuntirgan postimni öqib çiqing. Şunda Claude bergan tavsiyalarni baholaş osonroq böladi.
3. Reklama hisoboti
Kerak böladi: Meta Ads ulagiçi. U orqali Claude kabinetingizdagi raqamlarni özi öqiydi. Namunaviy sörov:
Ötgan 30 kunda qaysi reklama töplamlari eng past CPA berdi? Natijani jadvalda körsat va byudjetni qayta taqsimlaş böyiça 3 ta taklif ber.
Lekin takliflarni darhol qöllamang. Avval hisobotdagi raqamlarni Ads Manager’dagi raqamlar bilan soliştiring.
4. Raqobatçi tahlili
Kerak böladi: veb-qidiruv yoqilgan çat. Namunaviy sörov:
Mana 3 ta raqobatçi sayti. Ularning asosiy taklifi, narx siyosati va boş sahifa sarlavhalarini jadvalda soliştir. Bizda qanday böşliq bor?
Natijada farqlar röyxati çiqadi. Narx va aksiyalarni esa saytning özidan qayta tekşiring, çunki ular tez özgaradi.
5. Email yoki Telegram xabarlar ketma-ketligi
Kerak böladi: Project yoki marketing plagini, çunki unda email ketma-ketliklari uçun alohida skill bor. Namunaviy sörov:
Birinçi xariddan keyin mijozga 7 kun içida yuboriladigan 3 ta Telegram xabar yoz: rahmat, foydalaniş böyiça maslahat va qayta xarid uçun taklif.
6. AI javoblarida köriniş (GEO)
Kerak böladi: sahifa havolasi yoki matni. Namunaviy sörov:
Mana bu sahifani AI javoblarida iqtibos sifatida çiqişi uçun tekşir. Savollarga aniq javob bormi, faktlar manbasi körsatilganmi, FAQ bölimi kerakmi?
Bunday tekşiruv uçun tayyor skill ham bor, xususan quyida tilga olinadigan marketingskills töplamidagi ai-seo.
Marketologlar uçun tayyor Claude skill, plagin va ulagiçlari
Hammasini noldan yoziş şart emas, çunki köp işni boşqa mutaxassislar allaqaçon qilib bölgan. Quyida Claude marketologlarga darhol foyda beradigan rasmiy va jamiyat yeçimlari bor. Rasmiy bölmaganlarini örnatişdan oldin esa albatta xavfsizlik bölimini öqib çiqing.
Anthropic’ning rasmiy marketing plagini
Anthropic özi işlatadigan rol plaginlarini oçiq kodda çiqargan: anthropics/knowledge-work-plugins. Ular orasida marketing, savdo, huquq, moliya va boşqa yönalişlar bor. Marketing plagini kontent yoziş, kampaniya rejalaş, brend ovozini saqlaş, raqobatçi böyiça qisqa maʼlumotnoma va natijalar hisobotiga yordam beradi.
Asosiy buyruqlari:
Brend ovozida kontent yoziş: /marketing:draft-content.
Auditoriya, xabar va jadval bilan kampaniya rejasi: /marketing:campaign-plan.
Texnik SEO tekşiruvi va tavsiyalar: /marketing:seo-audit.
Claude ilovasida u Customize → Plugins orqali örnatiladi. Claude Code’da esa avval “claude plugin marketplace add anthropics/knowledge-work-plugins”, keyin “claude plugin install marketing@knowledge-work-plugins” buyruğini yozasiz.
anthropics/skills: rasmiy namunalar
anthropics/skills — Anthropic’ning rasmiy skill repozitoriysi. Unda Word, PDF, PowerPoint va Excel fayllar bilan işlaş skillari hamda öz skillingizni yaratişga yordam beradigan namunalar bor. Marketolog uçun bu repo asosan ikki maqsadda foydali: tayyor skillni işlatiş va öz skillingiz uçun andoza oliş.
Corey Haines’ning marketingskills töplami
coreyhaines31/marketingskills marketing böyiça eng maşhur jamiyat töplamlaridan biri. 2026-yil noyabr holatiga u GitHub’da 58 mingga yaqin yulduz töplagan va MIT litsenziyasida tarqatiladi. Içida 50 dan ortiq skill bor, jumladan konversiyani oşiriş (CRO), kopirayting, SEO, AI qidiruvi uçun optimallaştiriş, reklama, analitika va narx belgilaş.
Töplamning asosiy ğoyasi qiziq. Undagi product-marketing skilli mahsulot, auditoriya va pozitsiyalaş haqida bitta hujjat tuzadi. Qolgan skillar esa işni boşlaşdan oldin aynan şu hujjatni öqiydi. Demak, birinçi navbatda şu skillni işga tuşirgan yaxşi.
Claude ilovasiga qöşiş uçun repozitoriyning Releases bölimidan kerakli skillning ZIP faylini yuklab oling. Söng Customize → Skills → Create skill → Upload a skill yöli bilan yuklang. Har bir arxivda bitta skill böladi.
Marketologlar uçun foydali Claude ulagiçlari
Ulagiç | Nima qiladi | Izoh |
|---|---|---|
Meta Ads (rasmiy) | Facebook va Instagram kampaniyalari, kreativlar va natijalar bilan işlaydi | 2026-yil 29-apreldan oçiq beta, 29 ta vosita. Maxsus ulagiç sifatida qöşiladi |
Google Ads | Kampaniya natijalarini öqiydi | Google’ning rasmiy serveri faqat öqiş rejimida işlaydi |
Ahrefs | SEO va AI qidiruvi böyiça tahlil | Katalogda bor, Ahrefs hisobingiz bilan işlaydi |
HubSpot, Canva, Notion | CRM, dizayn va kontent kalendari | Katalogdan bir neça bosişda ulanadi |
Google Drive | Brif, reja va jadvallarni öqiydi | Eng birinçi ulanadigan ulagiçlardan biri |
Yandex Metrika | Hisoblagiç, maqsad va hisobotlar | Rasmiy emas, jamiyat serverlari bor. Token bilan, asosan Claude Code va Claude Desktop’da işlaydi |
Meta Ads ulagiçi hali beta holatida, şuning uçun hamma reklama kabinetida bir xil işlamasligi mumkin. Google Ads uçun rasmiy server kodi GitHub’da oçiq.
Özbekistondagi marketologlar uçun Claude böyiça izohlar
Mahalliy bozorda işlaganda bir neçta narsani oldindan bilib olgan maʼqul.
Til. Claude özbek tilida yozadi, lekin tayyor matnda tarjima ohangi qolişi mumkin. Şu bois Project körsatmalariga lotin yozuvi, ö va ğ harflarini yoziş qoidasi va brend luğatini qöşib qöying.
Mahalliy platformalar. Telegram va Yandex kabi bizda köp işlatiladigan platformalar uçun rasmiy ulagiçlar hozirça kam. Yandex Metrika uçun jamiyat tayyorlagan MCP serverlar bor, ammo ular token va texnik sozlaşni talab qiladi.
Oddiy usul ham işlaydi. Agar ulagiç bölmasa, hisobotni CSV yoki Excel faylga eksport qilib, çatga yuklang. Şundan söng Claude faylni tahlil qilib, jadval yoki grafik tayyorlaydi.
Rus tilidagi kontent. Toşkentda köp biznes odatda ikki tilda işlaydi. Bir postni özbekça va rusça variantda sörang, lekin har birini alohida tekşiring: töğridan-töğri tarjima har doim ham tabiiy çiqmaydi.
Öz skillingizni qanday yaratiş mumkin?
Skill yaratiş uçun kod yozişni biliş şart emas. Aslida skill — içida SKILL.md nomli matn fayli bölgan papka. Fayl boşida nom va qisqa tavsif (description), pastida esa iş tartibi yoziladi.
Eng muhim qator — tavsif, çunki Claude skillni qaçon işga tuşirişni aynan şu qatordan aniqlaydi. Agar tavsif noaniq bölsa, skill kerakli paytda işlamay qoladi.
Eng oson yöl: skillni Claude bilan suhbatda tuziş. Unga vazifani, yaxşi natija namunasini va köp uçraydigan xatolarni tuşuntiring, söng buni skill qilib saqlaşni sörang.
Xavfsizlik: marketologlar Claude’da nimaga eʼtibor berişi kerak?
Faqat işonçli manbadan örnating. Sababi, plagin kompyuteringizda boşqa dasturlar bilan bir xil ruxsatda işlaydigan lokal serverlarni öz içiga olişi mumkin.
SKILL.md faylini öqib çiqing. Jamiyat skillarini Anthropic tekşirmaydi. Demak, örnatişdan oldin içida nima yozilganini özingiz körib çiqing.
Reklama kabinetiga ehtiyotkorlik bilan ulang. Birinçi navbatda faqat hisobot oliş uçun işlating. Byudjet yoki kampaniyani özgartiradigan harakatlarni esa har safar qölda tasdiqlang.
Mijoz maʼlumotini öylab yuklang. Şaxsiy maʼlumot va maxfiy hujjatni yuklaşdan oldin kompaniya qoidasini tekşiring.
Keraksiz ulagiçni öçiring. Işlatilmaydigan ulagiç qança kam bölsa, xavf ham şunça kam böladi.
Yakuniy fikr
Qisqasi, Claude marketologlarga haqiqiy yordamçi bölişi uçun dasturçi böliş şart emas. Bitta Project, bitta ulagiç va bitta tayyor plagin bilan boşlang. Bir hafta işlatib köring, keyin eng köp takrorlanadigan vazifani öz skillingizga aylantiring.
Marketing asoslarini takrorlamoqçi bölsangiz, marketing nima ekanini tuşuntirgan postimni öqing. Şuningdek, reklama bilan işlaydiganlarga target reklama va digital marketolog haqidagi post foydali böladi.
Köp beriladigan savollar
Claude bepulmi?
Claude’ning bepul tarifi bor va unda baʼzi ulagiç hamda skillar işlaydi. Lekin çeklovlar köp: masalan, faqat bitta maxsus ulagiç qöşiş mumkin. Plaginlar esa faqat pullik tariflarda (Pro, Max, Team, Enterprise) işlaydi, şuning uçun aniq şartlarni claude.com saytida tekşiring.
Claude özbek tilini tuşunadimi?
Ha, Claude özbekça savolni tuşunadi va özbek tilida javob yozadi. Biroq matnda baʼzan tarjima ohangi yoki rusça iboralar uçraydi. Şu sababli tayyor matnni çop etişdan oldin öqib çiqing yoki yoziş qoidalarini skillga kiritib qöying.
Skill va plagin farqi nima?
Skill bitta iş tartibini örgatadi, masalan, brend ovozida post yozişni. Plagin esa bir neçta skill, buyruq va ulagiçni bitta paketga birlaştiradi. Boşqaça aytganda, plagin skillar va ularga kerak böladigan ulanişlar töplamidir.
Claude reklama kabinetimni özgartira oladimi?
Bu ulagiçga boğliq. Meta Ads’ning rasmiy ulagiçi kampaniyani boşqariş vositalarini ham beradi, biroq Google Ads’ning rasmiy serveri faqat öqiydi. Şuning uçun avval faqat hisobot olişda işlating va har bir özgarişni qölda tasdiqlang.
Claude Code marketologlarga kerakmi?
Şart emas, çunki kundalik işning köpi Claude ilovasida bajariladi. Claude Code asosan sayt yaratiş, maʼlumotni avtomatik qayta işlaş yoki köp fayl bilan birdaniga işlaş kerak bölganda foydali.



