JurabekMarketing va sun’iy intellekt haqidagi blog
Claude marketologlar uchun: Project, skill, ulagich va plagin bo‘yicha qo‘llanma
AI vositalari10 daqiqa o'qish

Claude marketologlar uchun: skill, plagin va ulagichlar qo‘llanmasi

Claude’dan oddiy chat sifatida emas, to‘liq foydalanish bo‘yicha qo‘llanma: Project, skill, ulagich va plagin nima, qayerdan boshlash va qaysi tayyor yechimlarni sinab ko‘rish mumkin.

Claude’ga post yozdirdingiz, natija yaxshi chiqdi. Keyin reklama hisobotini so‘radingiz, u esa raqamlarni ko‘rmasdan umumiy maslahat berdi. Shunda tabiiy savol tug‘iladi: Nega Claude mening ishimni to‘liq tushunmayapti? Sababi: ko‘pchilik uni oddiy chat sifatida ishlatadi, holbuki Claude marketologlar uchun ancha keng imkoniyatlar beradi.

Bu postda Claude’ning marketolog uchun muhim qismlarini oddiy tilda tushuntiraman: Project, skill, ulagich va plagin. Keyin qachon Claude ishlatish foydali ekanini, qayerdan boshlashni va boshqa mutaxassislar tayyorlagan qaysi yechimlarni bugunoq sinab ko‘rish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Ma’lumotlar 2026-yil noyabr holatiga ko‘ra yozilgan. Claude tez yangilanadi, shuning uchun menyu nomlari va tariflar o‘zgarishi mumkin.

Claude nima va marketologlarga nima beradi?

Claude — Anthropic kompaniyasining sun’iy intellekt yordamchisi. U matn yozadi, hujjat va jadvalni tahlil qiladi, fayl yaratadi, shuningdek ulangan ilovalar bilan ishlaydi. Marketolog uchun eng muhimi shu: Claude faqat savolga javob bermaydi, balki ko‘p bosqichli vazifani boshidan oxirigacha bajara oladi. Ayniqsa, Claude marketologlarga matn, tahlil va rejalash ishida ko‘p vaqtni tejaydi.

Claude bir nechta ko‘rinishda ishlaydi:

  • Claude ilovasi (claude.ai, kompyuter va telefon ilovasi). Marketolog asosan shu yerda ishlaydi.

  • Claude Code. Asosan dasturchilar uchun mo‘ljallangan, terminalda yoki kod muharririda ishlaydi. Sayt, skript yoki avtomatlashtirish kerak bo‘lsa, u marketologga ham yordam beradi.

  • API. Claude’ni o‘z mahsulotingizga ulash uchun kerak, shuning uchun bu ko‘proq dasturchilar ishi.

Bu postda asosan Claude ilovasi haqida gaplashamiz. Agar Claude Code ishlatsangiz, siz uchun alohida izohlar ham qoldiraman.

Claude marketologlarga qachon foydali, qachon emas?

Claude kuchli vosita, lekin hamma vazifada bir xil yaxshi ishlamaydi. Quyidagi jadval qaysi ishda unga ishonish mumkinligini va qayerda nazorat sizda qolishi kerakligini ko‘rsatadi.

Vazifa

Claude mos keladimi

Nimaga e’tibor berish kerak

Post, maqola, reklama matni qoralamasi

Ha

Matnni o‘zingiz tahrir qiling, faktlarni tekshiring

Brend ovozida yozish

Ha, Project yoki skill bilan

Brend qo‘llanmasini bir marta yuklab qo‘ying

Katta hujjat yoki jadvalni tahlil qilish

Ha

Xulosalarni asl raqamlar bilan solishtiring

Kontent reja, kampaniya rejasi

Ha

Qidiruv hajmini alohida vosita bilan tekshiring

Joriy reklama va sotuv raqamlari

Faqat ulagich bilan

Ulagichsiz Claude kabinetingizni ko‘rmaydi

Faktlar va statistika

Ehtiyotkorlik bilan

Manbasi yo‘q raqamni postga qo‘ymang

Hisob-kitob (ROAS, byudjet, marja)

Ha, kod orqali

Hisobni kodda bajarishini alohida so‘rang

Yakuniy strategik qaror

Yordamchi sifatida

Qaror va javobgarlik sizda qoladi

Qisqasi, Claude fikrlash va yozish talab qiladigan ishda kuchli. Biroq raqam, fakt va qaror bor joyda oxirgi so‘z sizniki bo‘lishi kerak.

Claude marketologlar uchun qanday qismlardan iborat?

Claude ilovasida to‘rtta asosiy tushuncha bor: Project, skill, ulagich va plagin. Skill, ulagich va plaginlar chap paneldagi Customize menyusida bir joyga yig‘ilgan. Agar ularni bir-biridan ajrata olsangiz, Claude bilan ishlash ancha osonlashadi.

Claude marketologlar uchun: Project, skill, ulagich va plagin qanday bog‘langan

Project (loyiha): doimiy kontekst

Project — bir mavzu bo‘yicha chatlar va fayllar uchun alohida joy. Odatda unga brend qo‘llanmasi, auditoriya tavsifi va narxlar ro‘yxatini yuklaysiz. Keyin shu Project ichidagi har bir chatda Claude bu ma’lumotdan foydalanadi.

Masalan, har bir mijoz uchun alohida Project oching. Agentlikda ishlasangiz, bu ayniqsa qulay, chunki bir mijozning ma’lumoti boshqasinikiga aralashmaydi.

Skill (ko‘nikma): takrorlanadigan ish tartibi

Skill — ko‘rsatmalar, skriptlar va qo‘shimcha fayllardan iborat papka. Claude uni doim emas, faqat vazifaga kerak bo‘lganda yuklaydi. Asosiy fayl SKILL.md deb nomlanadi va unda ishni qanday bajarish yozilgan bo‘ladi.

Project bilan farqi muhim. Claude yordam markazi tushuntirishicha, Project doim yuklanib turadigan ma’lumotlar ombori sifatida tushunsangiz bo'ladi. Skill esa aniq bir ishni qanday qilishni o‘rgatadi va istalgan chatda ishlaydi. Misol uchun, “Instagram post yozish” skilli matn uzunligi, xeshteglar soni va harakatga chaqiruv qoidalarini saqlab turadi.

Connector (ulagich): ilovalaringizga kirish

Ulagich Claude’ni boshqa ilovalarga bog‘laydi: Google Drive, Notion, HubSpot, reklama kabinetlari. Bunda Claude ma’lumotni o‘zi oladi, ba’zi ulagichlarda esa hatto ma'lum bir vazifalarni ham bajaradi. Eng muhimi, ruxsatlar sizning hisobingizdan olinadi: siz ko‘ra olmaydigan faylni Claude ham ko‘rmaydi.

Ulagichlar MCP (Model Context Protocol) standartida ishlaydi. Bundan tashqari, katalogda bo‘lmagan xizmatni server manzili orqali maxsus ulagich sifatida qo‘shish mumkin. Ammo bepul tarifda faqat bitta maxsus ulagich ishlatsa bo‘ladi.

Shunday qilib, ulagich va skill bir-birini to‘ldiradi. Ulagich vositaga kirish imkonini beradi, skill esa bu vositadan qanday to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatadi.

Plugin (plagin): tayyor to‘plam

Plagin bir nechta skill, buyruq va ulagichni bitta paketga birlashtiradi. Uni o‘rnatsangiz, kerakli ulagichlar ham birga sozlanadi, shuning uchun har birini alohida ulash shart emas. O‘rnatilgandan so‘ng plagin skillari chatda “/” belgisini yozganda yoki “+” tugmasini bosganda ko‘rinadi.

Plaginlar pullik tariflarda ishlaydi: Pro, Max, Team va Enterprise.

Marketologlar Claude’dan foydalanishni qayerdan boshlashi kerak?

Hamma imkoniyatni birdaniga sozlash shart emas. Quyidagi tartibda boshlasangiz, birinchi haftadayoq farqni sezasiz.

  1. Project oching. Brend qo‘llanmasi, mahsulot tavsifi va 2–3 ta eng yaxshi postingizni yuklang. Shuningdek, Project ko‘rsatmalariga til, uslub va ishlatilmaydigan so‘zlarni yozib qo‘ying.

  2. Shaxsiy sozlamalarni to‘ldiring. Settings bo‘limida kimligingizni va javob uslubini qisqa yozing. Bu ma’lumot barcha chatlarga ta’sir qiladi, shu sababli uni aniq yozing.

  3. 1–2 ta ulagich qo‘shing. Avval eng ko‘p ishlatadigan ilovani ulang, masalan, Google Drive yoki Notion. Chatdagi “+” tugmasi → Connectors → Manage connectors tugmasi orqali katalog ochiladi.

  4. Marketing plaginini o‘rnating. Customize → Plugins → Browse plugins → Install. Bu Anthropic’ning rasmiy plagini, ayniqsa yangi boshlovchilar uchun qulay.

  5. Bitta vazifada sinab ko‘ring. Misol uchun, keyingi oy uchun kontent reja so‘rang. So‘ng natijani o‘zingiz tuzgan reja bilan solishtirib chiqing.

  6. Yaxshi ishlagan so‘rovni skillga aylantiring. Bir xil so‘rovni uchinchi marta yozayotgan bo‘lsangiz, uni skill qilib saqlash vaqti keldi.

Marketologlar uchun Claude’da 6 ta amaliy misol

Quyidagi misollarda nima ulanishi kerakligi va namunaviy so‘rov berilgan. So‘rovni o‘z biznesingizga moslab o‘zgartiring.

1. Oylik kontent reja

Kerak bo‘ladi: brend ma’lumoti yuklangan Project. Namunaviy so‘rov:

Dekabr oyi uchun Telegram kanalimga 12 ta post rejasini tuz. Har biri uchun mavzu, maqsad, format va harakatga chaqiruv yoz. Bayram va savdo kunlarini hisobga ol.

Odatda Claude jadval ko‘rinishida reja beradi. Siz esa mavzularni biznesingiz holatiga qarab tahrir qilasiz.

2. SEO audit

Kerak bo‘ladi: marketing plaginidagi /marketing:seo-audit buyrug‘i yoki Ahrefs ulagichi. Namunaviy so‘rov:

Mana bu sahifani SEO bo‘yicha tekshir: sarlavha, meta tavsif, sarlavhalar tuzilmasi va ichki havolalar. Eng muhim 5 ta yaxshilasa bo'ladigan narsalarni ro‘yxatini qilib ber.

Agar SEO siz uchun yangi bo‘lsa, avval SEO nima ekanini tushuntirgan postimni o‘qib chiqing. Shunda Claude bergan tavsiyalarni baholash osonroq bo‘ladi.

3. Reklama hisoboti

Kerak bo‘ladi: Meta Ads ulagichi. U orqali Claude kabinetingizdagi raqamlarni o‘zi o‘qiydi. Namunaviy so‘rov:

O‘tgan 30 kunda qaysi reklama to‘plamlari eng past CPA berdi? Natijani jadvalda ko‘rsat va byudjetni qayta taqsimlash bo‘yicha 3 ta taklif ber.

Lekin takliflarni darhol qo‘llamang. Avval hisobotdagi raqamlarni Ads Manager’dagi raqamlar bilan solishtiring.

4. Raqobatchi tahlili

Kerak bo‘ladi: veb-qidiruv yoqilgan chat. Namunaviy so‘rov:

Mana 3 ta raqobatchi sayti. Ularning asosiy taklifi, narx siyosati va bosh sahifa sarlavhalarini jadvalda solishtir. Bizda qanday bo‘shliq bor?

Natijada farqlar ro‘yxati chiqadi. Narx va aksiyalarni esa saytning o‘zidan qayta tekshiring, chunki ular tez o‘zgaradi.

5. Email yoki Telegram xabarlar ketma-ketligi

Kerak bo‘ladi: Project yoki marketing plagini, chunki unda email ketma-ketliklari uchun alohida skill bor. Namunaviy so‘rov:

Birinchi xariddan keyin mijozga 7 kun ichida yuboriladigan 3 ta Telegram xabar yoz: rahmat, foydalanish bo‘yicha maslahat va qayta xarid uchun taklif.

6. AI javoblarida ko‘rinish (GEO)

Kerak bo‘ladi: sahifa havolasi yoki matni. Namunaviy so‘rov:

Mana bu sahifani AI javoblarida iqtibos sifatida chiqishi uchun tekshir. Savollarga aniq javob bormi, faktlar manbasi ko‘rsatilganmi, FAQ bo‘limi kerakmi?

Bunday tekshiruv uchun tayyor skill ham bor, xususan quyida tilga olinadigan marketingskills to‘plamidagi ai-seo.

Marketologlar uchun tayyor Claude skill, plagin va ulagichlari

Hammasini noldan yozish shart emas, chunki ko‘p ishni boshqa mutaxassislar allaqachon qilib bo'lgan. Quyida Claude marketologlarga darhol foyda beradigan rasmiy va jamiyat yechimlari bor. Rasmiy bo‘lmaganlarini o‘rnatishdan oldin esa albatta xavfsizlik bo‘limini o‘qib chiqing.

Anthropic’ning rasmiy marketing plagini

Anthropic o‘zi ishlatadigan rol plaginlarini ochiq kodda chiqargan: anthropics/knowledge-work-plugins. Ular orasida marketing, savdo, huquq, moliya va boshqa yo‘nalishlar bor. Marketing plagini kontent yozish, kampaniya rejalash, brend ovozini saqlash, raqobatchi bo‘yicha qisqa ma’lumotnoma va natijalar hisobotiga yordam beradi.

Asosiy buyruqlari:

  • Brend ovozida kontent yozish: /marketing:draft-content.

  • Auditoriya, xabar va jadval bilan kampaniya rejasi: /marketing:campaign-plan.

  • Texnik SEO tekshiruvi va tavsiyalar: /marketing:seo-audit.

Claude ilovasida u Customize → Plugins orqali o‘rnatiladi. Claude Code’da esa avval “claude plugin marketplace add anthropics/knowledge-work-plugins”, keyin “claude plugin install marketing@knowledge-work-plugins” buyrug‘ini yozasiz.

anthropics/skills: rasmiy namunalar

anthropics/skills — Anthropic’ning rasmiy skill repozitoriysi. Unda Word, PDF, PowerPoint va Excel fayllar bilan ishlash skillari hamda o‘z skillingizni yaratishga yordam beradigan namunalar bor. Marketolog uchun bu repo asosan ikki maqsadda foydali: tayyor skillni ishlatish va o‘z skillingiz uchun andoza olish.

Corey Haines’ning marketingskills to‘plami

coreyhaines31/marketingskills marketing bo‘yicha eng mashhur jamiyat to‘plamlaridan biri. 2026-yil noyabr holatiga u GitHub’da 58 mingga yaqin yulduz to‘plagan va MIT litsenziyasida tarqatiladi. Ichida 50 dan ortiq skill bor, jumladan konversiyani oshirish (CRO), kopirayting, SEO, AI qidiruvi uchun optimallashtirish, reklama, analitika va narx belgilash.

To‘plamning asosiy g‘oyasi qiziq. Undagi product-marketing skilli mahsulot, auditoriya va pozitsiyalash haqida bitta hujjat tuzadi. Qolgan skillar esa ishni boshlashdan oldin aynan shu hujjatni o‘qiydi. Demak, birinchi navbatda shu skillni ishga tushirgan yaxshi.

Claude ilovasiga qo‘shish uchun repozitoriyning Releases bo‘limidan kerakli skillning ZIP faylini yuklab oling. So‘ng Customize → Skills → Create skill → Upload a skill yo‘li bilan yuklang. Har bir arxivda bitta skill bo‘ladi.

Marketologlar uchun foydali Claude ulagichlari

Ulagich

Nima qiladi

Izoh

Meta Ads (rasmiy)

Facebook va Instagram kampaniyalari, kreativlar va natijalar bilan ishlaydi

2026-yil 29-apreldan ochiq beta, 29 ta vosita. Maxsus ulagich sifatida qo‘shiladi

Google Ads

Kampaniya natijalarini o‘qiydi

Google’ning rasmiy serveri faqat o‘qish rejimida ishlaydi

Ahrefs

SEO va AI qidiruvi bo‘yicha tahlil

Katalogda bor, Ahrefs hisobingiz bilan ishlaydi

HubSpot, Canva, Notion

CRM, dizayn va kontent kalendari

Katalogdan bir necha bosishda ulanadi

Google Drive

Brif, reja va jadvallarni o‘qiydi

Eng birinchi ulanadigan ulagichlardan biri

Yandex Metrika

Hisoblagich, maqsad va hisobotlar

Rasmiy emas, jamiyat serverlari bor. Token bilan, asosan Claude Code va Claude Desktop’da ishlaydi

Meta Ads ulagichi hali beta holatida, shuning uchun hamma reklama kabinetida bir xil ishlamasligi mumkin. Google Ads uchun rasmiy server kodi GitHub’da ochiq.

O‘zbekistondagi marketologlar uchun Claude bo‘yicha izohlar

Mahalliy bozorda ishlaganda bir nechta narsani oldindan bilib olgan ma’qul.

  • Til. Claude o‘zbek tilida yozadi, lekin tayyor matnda tarjima ohangi qolishi mumkin. Shu bois Project ko‘rsatmalariga lotin yozuvi, o‘ va g‘ harflarini yozish qoidasi va brend lug‘atini qo‘shib qo‘ying.

  • Mahalliy platformalar. Telegram va Yandex kabi bizda ko‘p ishlatiladigan platformalar uchun rasmiy ulagichlar hozircha kam. Yandex Metrika uchun jamiyat tayyorlagan MCP serverlar bor, ammo ular token va texnik sozlashni talab qiladi.

  • Oddiy usul ham ishlaydi. Agar ulagich bo‘lmasa, hisobotni CSV yoki Excel faylga eksport qilib, chatga yuklang. Shundan so‘ng Claude faylni tahlil qilib, jadval yoki grafik tayyorlaydi.

  • Rus tilidagi kontent. Toshkentda ko‘p biznes odatda ikki tilda ishlaydi. Bir postni o‘zbekcha va ruscha variantda so‘rang, lekin har birini alohida tekshiring: to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima har doim ham tabiiy chiqmaydi.

O‘z skillingizni qanday yaratish mumkin?

Skill yaratish uchun kod yozishni bilish shart emas. Aslida skill — ichida SKILL.md nomli matn fayli bo‘lgan papka. Fayl boshida nom va qisqa tavsif (description), pastida esa ish tartibi yoziladi.

Eng muhim qator — tavsif, chunki Claude skillni qachon ishga tushirishni aynan shu qatordan aniqlaydi. Agar tavsif noaniq bo‘lsa, skill kerakli paytda ishlamay qoladi.

Eng oson yo‘l: skillni Claude bilan suhbatda tuzish. Unga vazifani, yaxshi natija namunasini va ko‘p uchraydigan xatolarni tushuntiring, so‘ng buni skill qilib saqlashni so‘rang.

Xavfsizlik: marketologlar Claude’da nimaga e’tibor berishi kerak?

  • Faqat ishonchli manbadan o‘rnating. Sababi, plagin kompyuteringizda boshqa dasturlar bilan bir xil ruxsatda ishlaydigan lokal serverlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

  • SKILL.md faylini o‘qib chiqing. Jamiyat skillarini Anthropic tekshirmaydi. Demak, o‘rnatishdan oldin ichida nima yozilganini o‘zingiz ko‘rib chiqing.

  • Reklama kabinetiga ehtiyotkorlik bilan ulang. Birinchi navbatda faqat hisobot olish uchun ishlating. Byudjet yoki kampaniyani o‘zgartiradigan harakatlarni esa har safar qo‘lda tasdiqlang.

  • Mijoz ma’lumotini o‘ylab yuklang. Shaxsiy ma’lumot va maxfiy hujjatni yuklashdan oldin kompaniya qoidasini tekshiring.

  • Keraksiz ulagichni o‘chiring. Ishlatilmaydigan ulagich qancha kam bo‘lsa, xavf ham shuncha kam bo‘ladi.

Yakuniy fikr

Qisqasi, Claude marketologlarga haqiqiy yordamchi bo‘lishi uchun dasturchi bo‘lish shart emas. Bitta Project, bitta ulagich va bitta tayyor plagin bilan boshlang. Bir hafta ishlatib ko‘ring, keyin eng ko‘p takrorlanadigan vazifani o‘z skillingizga aylantiring.

Marketing asoslarini takrorlamoqchi bo‘lsangiz, marketing nima ekanini tushuntirgan postimni o‘qing. Shuningdek, reklama bilan ishlaydiganlarga target reklama va digital marketolog haqidagi post foydali bo‘ladi.

Ko‘p beriladigan savollar

Claude bepulmi?

Claude’ning bepul tarifi bor va unda ba’zi ulagich hamda skillar ishlaydi. Lekin cheklovlar ko‘p: masalan, faqat bitta maxsus ulagich qo‘shish mumkin. Plaginlar esa faqat pullik tariflarda (Pro, Max, Team, Enterprise) ishlaydi, shuning uchun aniq shartlarni claude.com saytida tekshiring.

Claude o‘zbek tilini tushunadimi?

Ha, Claude o‘zbekcha savolni tushunadi va o‘zbek tilida javob yozadi. Biroq matnda ba’zan tarjima ohangi yoki ruscha iboralar uchraydi. Shu sababli tayyor matnni chop etishdan oldin o‘qib chiqing yoki yozish qoidalarini skillga kiritib qo‘ying.

Skill va plagin farqi nima?

Skill bitta ish tartibini o‘rgatadi, masalan, brend ovozida post yozishni. Plagin esa bir nechta skill, buyruq va ulagichni bitta paketga birlashtiradi. Boshqacha aytganda, plagin skillar va ularga kerak bo‘ladigan ulanishlar to‘plamidir.

Claude reklama kabinetimni o‘zgartira oladimi?

Bu ulagichga bog‘liq. Meta Ads’ning rasmiy ulagichi kampaniyani boshqarish vositalarini ham beradi, biroq Google Ads’ning rasmiy serveri faqat o‘qiydi. Shuning uchun avval faqat hisobot olishda ishlating va har bir o‘zgarishni qo‘lda tasdiqlang.

Claude Code marketologlarga kerakmi?

Shart emas, chunki kundalik ishning ko‘pi Claude ilovasida bajariladi. Claude Code asosan sayt yaratish, ma’lumotni avtomatik qayta ishlash yoki ko‘p fayl bilan birdaniga ishlash kerak bo‘lganda foydali.

#AI vositalari#Claude#marketing#MCP#sun’iy intellekt
Postni ulashing