JurabekMarketing va sun’iy intellekt haqidagi blog
Marketing metrikalari: reklamani ko‘rishdan qaytgan mijozgacha bo‘lgan voronka
Analitika10 daqiqa o'qish

Marketolog bilishi shart bo‘lgan 20 ta marketing metrikasi

CTR, CPC, ROAS, ROMI, CAC, LTV va yana 14 ta metrika: har biri uchun formula va bitta do‘kon misolida hisob-kitob. Qaysi metrikadan boshlashni ham bilib olasiz.

Oy oxirida rahbar so‘raydi: “Reklamaga 6 mln so‘m sarfladik, bu pul qaytdimi?” Siz esa Instagram’dagi layklar va ko‘rishlar sonini ko‘rsatasiz. Shunda sizda bir savol tug‘iladi: Men o’zi qaysi raqamlarga qarashim kerak? Sababi: marketing metrikalari juda ko‘p, lekin ularning hammasi ham pul haqida gapirmaydi.

Bu postda marketolog bilishi kerak bo‘lgan 20 ta metrikani mijoz yo‘li bo‘yicha guruhladim: reklamani ko‘rish, bosish, buyurtma, pul va qaytgan mijoz. Har biri uchun formula, misol va unga qachon qarash kerakligini haqida yozilgan.

Misollar uchun bitta biznesni misol qilib olamiz. Toshkentdagi onlayn kiyim do‘koni bir oyda Instagram’da 6 000 000 so‘mlik reklama berdi. Raqamlar o‘ylab topilgan, lekin hisob-kitoblar to‘g‘ri.

Marketing metrikalari nima va nega kerak?

Marketing metrikalari — marketing qanchalik ishlayotganini ko‘rsatadigan raqamlar. Ular reklamani necha kishi ko‘rganidan tortib, bitta mijoz qancha foyda keltirganigacha o‘lchaydi. Metrikasiz marketing taxminga tayanadi: “menimcha, Telegram yaxshi ishlayapti”. Metrika bo‘lsa, qaysi kanalga pul qo‘shish va qaysi kanaldan olish kerakligini aniq bilish mumkin.

KPI bilan metrikani ham adashtirmang. Har qanday o‘lchanadigan ko‘rsatkich metrika hisoblanadi. KPI esa siz maqsad qilib tanlagan va natijasi uchun javob beradigan 3–5 ta metrika. Masalan, CTR oddiy metrika, lekin “oyiga 200 ta lid, har biri 40 000 so‘mdan arzon” degan maqsad KPI bo‘ladi.

Ba’zi raqamlar chiroyli ko‘rinadi, ammo qaror qabul qilishga yordam bermaydi. Ingliz tilida ularni vanity metrics deyishadi. Obunachilar soni va layklar shunday: ular o‘sishi mumkin, sotuv esa joyida qoladi. Agar marketing haqida tusunchangiz bo’lmasa, marketing o‘zi nima va biznesga nima uchun kerak degan postimni o’qib chiqing.

1–4. Qamrov metrikalari: reklamani necha kishi ko‘rdi?

Avvalo voronkaning eng tepasidan boshlaymiz. Quyidagi to‘rt metrika brendni qancha foydalanuvchi ko‘rganini ko‘rsatadi, lekin ular sotib olganini ko‘rsatmaydi.

1. Ko‘rishlar soni (impressions)

Reklama yoki post ekranda necha marta ko‘rsatilgani. Agar bitta foydalanuvchi reklamani besh marta ko‘rsa, bu besh ko‘rish hisoblanadi. Do‘konimizda bir oyda 300 000 ko‘rish bo‘ldi. Raqam katta, lekin bu metrikaning o‘zi sotuv haqida hech bir ma’lumot bermaydi. Uni boshqa metrikalarni hisoblashda ishlatasiz.

2. Qamrov (reach)

Reklamani kamida bir marta ko‘rgan noyob foydalanuvchilar soni. Do‘kon misolida qamrov 100 000 kishi. Demak, 300 000 ko‘rish 300 000 kishi degani emas. Yangi auditoriyaga chiqmoqchi bo‘lsangiz, aynan qamrovga qarang.

3. Chastota (frequency)

Bitta foydalanuvchi reklamani o‘rtacha necha marta ko‘rgani: ko‘rishlar ÷ qamrov. Bizda 300 000 ÷ 100 000 = 3. Agar chastota past bo‘lsa, reklama esda qolmaydi. Aksincha, juda yuqori chastota foydalanuvchini zeriktiradi. Chastota o‘sib borayotganda CTR tushsa, kreativni yangilash vaqti kelgan bo’ladi.

4. CPM (1000 ko‘rish narxi)

Reklamaning har 1000 ko‘rishi uchun to‘langan pul: xarajat ÷ ko‘rishlar × 1000. Do‘kon uchun 6 000 000 ÷ 300 000 × 1000 = 20 000 so‘m. CPM auditoriya qanchalik “qimmat”ligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga auditoriyani juda toraytirsangiz, CPM odatda oshadi.

5–9. Jalb qilish metrikalari: reklama qiziqish uyg‘otdimi?

Ko‘rgan foydalanuvchi to‘xtadimi, reklamani bosdimi, saytda qoldimi? Bu guruh reklama va kontent sifatini baholaydi.

5. CTR (bosish darajasi)

Reklamani ko‘rganlarning necha foizi uni bosgani: bosishlar ÷ ko‘rishlar × 100. Google Ads ma’lumotnomasidagi misolga ko‘ra, 100 ko‘rishdan 5 ta bosish 5% CTR beradi. Do‘konda 3 000 bosish bo‘ldi, ya’ni CTR 1%. CTR past bo‘lsa, odatda rasm, sarlavha yoki auditoriyada muammo bor degani.

6. CPC (bitta bosish narxi)

Bitta bosish uchun o‘rtacha qancha to‘laganingiz: xarajat ÷ bosishlar. Bizda 6 000 000 ÷ 3 000 = 2 000 so‘m. CTR oshsa, bir xil byudjetga ko‘proq tashrif olasiz. Biroq arzon bosish hali mijoz degani emas, shuning uchun CPC’ni konversiya bilan birga ko‘rib chiqing.

7. Sessiyalar va trafik manbalari

Saytga necha marta kirilgani va foydalanuvchilar qayerdan kelgani: Google qidiruvi, Instagram, Telegram yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri. Do‘konda 3 000 bosishdan saytda 2 500 sessiya qayd etildi: bunday farq odatiy, chunki ba’zi foydalanuvchilar sahifa ochilguncha chiqib ketadi. Biroq farq juda katta bo‘lsa, sayt tezligini va analitika kodini tekshiring. Qidiruvdan keladigan bepul trafik haqida SEO nima degan postda yozganman.

8. Faollik darajasi (engagement rate, ER)

Ijtimoiy tarmoqda post bilan qancha foydalanuvchi muloqot qilgani: (layk + izoh + saqlash + ulashish) ÷ qamrov × 100. Masalan, post 5 000 kishiga yetib, 250 ta reaksiya olsa, ER 5% bo‘ladi. Ba’zi xizmatlar ER’ni qamrovga emas, obunachilar soniga bo‘lib hisoblaydi. Shu sababli bitta hisobotda faqat bitta usuldan foydalaning.

9. Jalb qilingan sessiyalar va rad etish darajasi (bounce rate)

Google Analytics 4 sessiyani uch holatda “jalb qilingan” deb hisoblaydi: u 10 soniyadan uzoq davom etsa, unda kalit hodisa bo‘lsa yoki kamida 2 ta sahifa ko‘rilsa. Rad etish darajasi esa jalb qilinmagan sessiyalar ulushi. Do‘konda 2 500 sessiyadan 1 550 tasi jalb qilingan: faollik 62%, rad etish 38%. Rad etish yuqori bo‘lsa, reklamadagi va’da sahifa mazmuniga mos kelmayotgan bo‘lishi mumkin.

10–13. Konversiya metrikalari: qiziqish buyurtmaga aylandimi?

Reklama xarajati aynan shu bosqichda mijozga aylanadi yoki behuda ketadi. Shuning uchun bu to‘rt metrikani har hafta kuzating.

10. Lidlar soni

Lid (potensial mijoz) — telefon raqamini qoldirgan, Telegram’ga yozgan yoki ariza to‘ldirgan potensial mijoz. U hali sotib olmagan, lekin qiziqishini bildirgan. Do‘konga bir oyda 150 ta lid keldi. Har bir lidni manbasi bilan yozib boring, aks holda qaysi reklama ishlaganini bilib bo‘lmaydi.

11. CPL (bitta lid narxi)

Formula oddiy: xarajat ÷ lidlar soni. Bizda 6 000 000 ÷ 150 = 40 000 so‘m. CPL ayniqsa xizmat ko‘rsatuvchi bizneslar uchun qulay: o‘quv markazi, klinika, ta’mirlash ustasi. Ammo arzon lid sifatsiz bo‘lishi ham mumkin. Shu bois CPL’ni lidning sotuvga aylanishi bilan birga baholang.

12. Konversiya darajasi (CR)

Saytga kirganlarning necha foizi kerakli harakatni qilgani: konversiyalar ÷ sessiyalar × 100. Do‘konda 2 500 sessiyadan 60 ta buyurtma bo‘ldi, CR 2,4%. Agar lidlar bilan ishlasangiz, ikkinchi konversiyani ham hisoblang. Masalan, 150 liddan 60 tasi sotib oldi, demak lid → sotuv konversiyasi 40%. Bu raqam sotuv bo‘limi qanday ishlayotganini ko‘rsatadi.

13. CPA (bitta konversiya narxi)

Formula: xarajat ÷ konversiyalar. Bizda 6 000 000 ÷ 60 = 100 000 so‘m, ya’ni har bir buyurtma 100 000 so‘mga tushdi. CPA’ni har bir buyurtmadan qoladigan foyda bilan solishtiring. Agar foyda CPA’dan kam bo‘lsa, mijoz qayta kelmaguncha har bir sotuv zarar keltiradi.

14–17. Pul metrikalari: marketing o‘zini oqladimi?

Rahbar va biznes egasi asosan shu metrikalarni so‘raydi, chunki ular reklama xarajatini tushum va foyda bilan bog‘laydi.

14. O‘rtacha chek (AOV)

Bitta buyurtmaning o‘rtacha summasi: tushum ÷ buyurtmalar soni. Do‘kon reklamadan 24 000 000 so‘m tushum oldi, 60 ta buyurtma bilan o‘rtacha chek 400 000 so‘m. Uni oshirish uchun to‘plam taklifi, qo‘shimcha mahsulot tavsiyasi yoki ma’lum summadan bepul yetkazib berishni sinab ko‘ring. O‘rtacha chek oshsa, bir xil CPA bilan ko‘proq foyda qoladi.

15. ROAS (reklama xarajatining qaytimi)

Reklamaga sarflangan har bir so‘m qancha tushum keltirgani: reklamadan tushum ÷ reklama xarajati. Do‘konda 24 000 000 ÷ 6 000 000 = 4, ya’ni ROAS 4 yoki 400%. Lekin ROAS foydani emas, tushumni hisoblaydi. Masalan, marja 25% bo‘lsa, ROAS 4 faqat reklama xarajatini qoplaydi. Zararsizlik nuqtasidagi ROAS’ni topish uchun 1 ni marjaga bo‘ling: 1 ÷ 0,25 = 4.

16. ROMI (marketing investitsiyasining qaytimi)

ROMI foydani o‘lchaydi: (marketingdan kelgan yalpi foyda − marketing xarajati) ÷ marketing xarajati × 100. Do‘konning marjasi 40%, demak 24 000 000 so‘m tushumdan 9 600 000 so‘m yalpi foyda qoldi. Kampaniya ROMI’si: (9 600 000 − 6 000 000) ÷ 6 000 000 × 100 = 60%. ROMI noldan past bo‘lsa, kampaniya o‘zini oqlamagan. Chegirma marjani qanchalik kamaytirishini 11.11 chegirmalari haqidagi postda hisoblab ko‘rsatganman.

Marketing metrikalari: ROAS va ROMI farqi, bitta kampaniyada ROAS 4 (400%) va ROMI 60%

17. CAC (yangi mijozni jalb qilish narxi)

Bitta yangi mijozni olib kelish uchun ketgan barcha xarajat: marketing va sotuv xarajatlari ÷ yangi mijozlar soni. CPA’dan farqi shundaki, CAC’ga faqat reklama emas, SMM mutaxassis maoshi, dizayn va sotuv menejeri ham kiradi. Do‘konda reklamaga 6 mln, SMM mutaxassisga 4 mln so‘m ketdi, 60 xaridordan 50 tasi yangi. Natijada CAC = 10 000 000 ÷ 50 = 200 000 so‘m.

18–20. Mijoz metrikalari: xaridor qaytyaptimi?

Ko‘p bizneslar shu guruhni unutadi. Holbuki eski mijozni qaytarish ko‘pincha yangisini topishdan arzonroqqa tushadi.

18. LTV (mijozning umrbod qiymati)

Bitta mijoz siz bilan ishlagan butun davrda keltiradigan foyda. Oddiy formula: o‘rtacha chek × yiliga xaridlar soni × yillar soni × marja. Do‘kon mijozi yiliga 3 marta, 2 yil davomida xarid qiladi: 400 000 × 3 × 2 × 0,4 = 960 000 so‘m. Keyin LTV’ni CAC bilan solishtiring: 960 000 ÷ 200 000 = 4,8. Ko‘p marketologlar 3:1 nisbatni eng past chegara deb oladi.

19. Mijozni ushlab qolish darajasi (retention) va churn

Ma’lum davrda xarid qilgan mijozlarning qanchasi keyingi davrda yana qaytgani. Do‘konda reklama oyidagi 60 xaridordan 18 tasi keyingi 3 oy ichida yana buyurtma berdi: retention 30%. Obunaga asoslangan biznesda, masalan o‘quv markazi yoki fitnes klubda, teskari ko‘rsatkich ham kuzatiladi. Churn ketib qolgan mijozlar ulushini bildiradi: retention 70% bo‘lsa, churn 30%.

20. NPS (tavsiya indeksi)

Mijozga bitta savol beriladi: “Bizni do‘stingizga tavsiya qilish ehtimoli 0 dan 10 gacha qancha?” 9–10 baho berganlar tavsiya qiluvchilar, 0–6 berganlar esa norozilar hisoblanadi. Bain & Company formulasi: NPS = tavsiya qiluvchilar foizi − norozilar foizi. Masalan, 200 javobdan 110 tasi 9–10 (55%), 30 tasi 0–6 (15%) bo‘lsa, NPS 40 ga teng. Mijozlar asosan tanish-bilish orqali keladigan biznesda bu raqamni muntazam kuzatish foydali.

Marketing metrikalari bitta jadvalda

Quyidagi jadvalni saqlab qo‘ying: formulalar va do‘kon misolidagi natijalar bir joyda.

Metrika

Formula

Misol

Ko‘rishlar soni

Reklama necha marta ko‘rsatilgan

300 000

Qamrov

Kamida bir marta ko‘rgan noyob foydalanuvchilar

100 000

Chastota

Ko‘rishlar ÷ qamrov

3

CPM

Xarajat ÷ ko‘rishlar × 1000

20 000 so‘m

CTR

Bosishlar ÷ ko‘rishlar × 100

1%

CPC

Xarajat ÷ bosishlar

2 000 so‘m

Sessiyalar

Saytga tashriflar soni

2 500

ER

Reaksiyalar ÷ qamrov × 100

5% (bitta post)

Rad etish darajasi

Jalb qilinmagan sessiyalar ÷ barcha sessiyalar × 100

38%

Lidlar soni

Kontakt qoldirgan foydalanuvchilar

150

CPL

Xarajat ÷ lidlar

40 000 so‘m

CR

Konversiyalar ÷ sessiyalar × 100

2,4%

CPA

Xarajat ÷ konversiyalar

100 000 so‘m

O‘rtacha chek

Tushum ÷ buyurtmalar

400 000 so‘m

ROAS

Tushum ÷ reklama xarajati

4 (400%)

ROMI

(Yalpi foyda − xarajat) ÷ xarajat × 100

60%

CAC

Marketing va sotuv xarajatlari ÷ yangi mijozlar

200 000 so‘m

LTV

O‘rtacha chek × yiliga xaridlar × yillar × marja

960 000 so‘m

Retention

Qaytgan mijozlar ÷ davr boshidagi mijozlar × 100

30%

NPS

Tavsiya qiluvchilar % − norozilar %

40

O‘zbekistonda marketing metrikalarini o‘lchash: nimaga e’tibor berish kerak?

Formulalar hamma joyda bir xil. Lekin O‘zbekistonda ma’lumot yig‘ishning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor.

  • Sotuv saytdan tashqarida bo‘ladi. Ko‘p buyurtma Telegram, Instagram Direct yoki telefon orqali keladi, Google Analytics esa ularni ko‘rmaydi. Shuning uchun har bir lidni CRM’ga (amoCRM, Bitrix24) yoki oddiy Google Sheets jadvaliga manbasi bilan yozing.

  • “Bizni qayerdan topdingiz?” savoli. Operator yoki sotuvchi bu savolni har bir mijozga bersin. Ayniqsa Telegram kanal va tanishlar tavsiyasidan kelganlarni faqat shu yo‘l bilan ajratish mumkin.

  • UTM belgilar. Instagram bio, Telegram post va reklamadagi har bir havolaga UTM qo‘shing. Shunda GA4 yoki Yandex Metrika trafikni kanallar bo‘yicha to‘g‘ri ajratadi.

  • Valyuta farqi. Meta va Google reklamasi uchun to‘lov ko‘pincha dollarda bo‘ladi, sotuv esa so‘mda. Demak, ROAS va ROMI’ni hisoblashda xarajatni bitta kurs bilan so‘mga o‘tkazing.

  • Marketpleys ma’lumoti. Uzum Market’da sotsangiz, buyurtmalar sotuvchi kabinetida turadi. Tashqi reklama xarajatini u yerdagi sotuv bilan alohida jadvalda solishtiring.

Qaysi marketing metrikalaridan boshlash kerak?

20 ta metrikani birdaniga kuzatish shart emas. Avval biznes maqsadini aniqlang, keyin unga mos 3–5 ta metrikani tanlang.

Maqsad

Asosiy metrikalar

Brendni tanitish

Qamrov, chastota, CPM

Xizmat uchun lid yig‘ish

CPL, lid → sotuv konversiyasi, CAC

Onlayn sotuv

CR, CPA, ROAS, ROMI

Doimiy mijoz bazasi

Retention, LTV, NPS

Keyin quyidagi tartibda ishlang:

1.     Maqsadni raqam bilan yozing: masalan, “oyiga 100 ta buyurtma, ROMI 30% dan yuqori”.

2.     Har hafta bitta jadvalga xarajat, bosishlar, lidlar, buyurtmalar va tushumni kiriting.

3.     Bir vaqtda faqat bitta narsani o‘zgartiring: kreativ, auditoriya yoki narxni. Aks holda qaysi o‘zgarish ta’sir qilganini bilib bo‘lmaydi.

4.     Oy oxirida kanallarni CAC va ROMI bo‘yicha solishtiring, byudjetni yaxshi ishlagan kanalga o‘tkazing.

Aslida reklama kabinetida ishlash bilan natijani o‘qiy olish boshqa-boshqa ko‘nikma. Bu farq haqida target reklama yoqishni bilgan odam digital marketolog hisoblanadimi degan postda yozganman.

Yakuniy fikr

Metrikalarning hammasi bitta zanjirga bog‘langan: ko‘rish bosishga, bosish lidga, lid buyurtmaga, buyurtma esa qaytgan mijozga aylanadi. Bitta bo‘g‘in uzilsa, keyingi raqamlar ham tushadi. Shuning uchun natija yomon bo‘lsa, zanjirni tepadan pastga tekshirib, bo‘sh bo‘g‘inni toping.

Qisqasi, layklarni sanashda davom eting. Lekin oylik hisobotni ROMI va CAC bilan yakunlang. Rahbarning “pul qaytdimi?” degan savoliga aynan shu ikki raqam javob beradi.

Ko‘p beriladigan savollar

Marketing metrikalari nima?

Marketing metrikalari marketing natijasini o‘lchaydigan raqamlar: qamrov, CTR, konversiya darajasi, ROAS, CAC, LTV va boshqalar. Ular qaysi kanal ishlayotganini va reklamaga sarflangan pul qaytayotganini ko‘rsatadi.

ROAS va ROMI farqi nimada?

ROAS reklamadan kelgan tushumni reklama xarajatiga bo‘ladi. ROMI esa foydani hisoblaydi: yalpi foydadan xarajatni ayirib, xarajatga bo‘ladi. Hatto ROAS yuqori bo‘lsa ham, marja past bo‘lsa, ROMI manfiy chiqishi mumkin.

Yaxshi CTR qancha bo‘lishi kerak?

Hamma uchun bitta to‘g‘ri raqam yo‘q. Google ham yaxshi CTR nima reklama qilayotganingiz va qaysi tarmoqda ekaniga bog‘liq deydi. Shuning uchun o‘z CTR’ingizni o‘tgan oy bilan va bir kampaniyadagi turli reklamalar bilan solishtiring.

Kichik biznes qaysi metrikalarni kuzatishi kerak?

Boshlash uchun beshta metrika yetarli: CPC, CPL yoki CR, CPA, ROAS va CAC. Keyin, mijozlar qayta xarid qila boshlaganda, retention va LTV’ni qo‘shing.

Marketing metrikalarini qaysi dasturda kuzatish mumkin?

Reklama metrikalari Meta Ads Manager va Google Ads kabinetida ko‘rinadi. Sayt uchun Google Analytics 4 yoki Yandex Metrika ishlatiladi. Lidlar va sotuvni CRM’da yoki Google Sheets jadvalida yuritish mumkin.

#analitika#CAC#KPI#LTV#marketing metrikalari#ROAS#ROMI
Postni ulashing