JurabekMarketing va sun’iy intellekt haqidagi blog
SEO nima: qidiruv natijalarida birinchi o‘rinni egallagan sahifa
Digital marketing6 daqiqa o'qish

SEO nima? Biznes egasi uchun oddiy tushuntirish

SEO nima va u saytga mijozni qanday olib keladi? Qidiruv tizimlari, kalit so‘z tanlash va birinchi qadamlar — oddiy tilda, misollar bilan.

Do‘koningiz bor, sayt ham ochgansiz, lekin Google’da biznesingizni topa olmayabsizmi? Raqobatchingiz esa birinchi sahifada turibdi va mijoz unga qo‘ng‘iroq qilyapti. Shunda tabiiy savol tug‘iladi: Nega mening saytim Googlening birinchi sahifasida yo'q? Sababi: sizning veb sahifalaringiz qidiruv tizimlariga optimallashtirilmagan.

Quyida buni murakkab atamalarsiz tushuntiraman. Avvalo SEO nimaligini va qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz, keyin birinchi qadamlarni aniqlab olamiz. Postni o‘qib bo‘lgach, nimadan boshlashni aniq bilib olasiz.

SEO nima?

SEO — saytni qidiruv tizimlarida yuqoriroq ko‘rsatish uchun qilinadigan ishlar yig‘indisi. Bu qisqartma inglizcha search engine optimization so‘zlaridan olingan, o‘zbekchada “qidiruv tizimlari uchun optimallashtirish” deyiladi. Maqsad oddiy: odam Google yoki Yandex’ga kerakli so‘zni yozganda, sizning sahifangiz birinchi natijalar orasida chiqishidir.

Google o‘zining SEO bo‘yicha boshlang‘ich qo‘llanmasida buni boshqacha ifodalaydi. Uning fikricha, SEO qidiruv tizimiga kontentni tushunishda, foydalanuvchiga esa saytga kirish-kirmaslikka qaror qilishda yordam beradi. Demak, sizning saytingiz ham robotga, ham odamga tushunarli bo‘lishi kerak.

Qidiruv tizimi sahifani qanday topadi?

Qidiruv tizimi uchta ish qiladi. Avvalo robotlar internetni aylanib, sahifalarni topadi. Keyin topilganini katta bazaga qo'shib qo‘yadi. Internet foydalanuvchi qidiruv tizimlarida so‘rov yozganda esa shu bazadan eng mos sahifani tanlab, tartib bilan ko‘rsatadi.

Google sahifalarni asosan boshqa sahifalardagi havolalar orqali topadi. Shuning uchun vebsayt sahifalaringiz bir-biriga qanchalik yaxshi bog‘langan bo‘lsa, robotga ularni topish shunchalik oson bo‘ladi.

SEO nima: qidiruv natijalarida birinchi o‘rinni egallagan sahifa

SEO nima uchun kerak?

Faraz qiling, Toshkentda stomatologiya klinikangiz bor. Odamlar “tish davolash narxi” yoki “tish og‘rig‘ida nima qilish kerak” deb qidiradi. Agar sahifangiz shu so‘rovlarda chiqsa, mijoz sizni o‘zi topadi.

Pullik reklamadan asosiy farqi aynan shunda. Masalan, Target yoki Google Ads’da byudjet tugasa, mijoz oqimi ham to'xtaydi. SEO esa boshqacha ishlaydi: yaxshi sahifa tayyorlasangiz, u oylab mijoz keltirishi mumkin. Lekin natija tez kelmaydi, chunki qidiruv tizimi sizga ishonishi uchun vaqt kerak.

Mezon

SEO

Pullik reklama

Natija qachon ko‘rinadi

Haftalar va oylar o‘tgach

Odatda ishga tushgan zahoti

To‘xtatsangiz

Sahifa qidiruv natijalarida qolishi mumkin

Mijoz oqimi to‘xtaydi

Asosiy xarajat

Kontent va mutaxassis vaqti

Har bir bosish, ko‘rsatish, va boshqa xarakat uchun to‘lov

Agar qaysi yo‘l sizga mosligini bilmoqchi bo‘lsangiz, an’anaviy va digital marketing farqi haqidagi maqolani o‘qib chiqing. Marketingning o‘zi sizga yangi bo‘lsa, avvalo marketing nima va nima uchun kerak degan postdan boshlang.

SEO nima beradi va nimani bermaydi?

Ko‘pchilik SEOdan sehrli tugma kutadi. Aslida u faqat mijozni sizning sahifangizga olib keladi. Uni xaridorga aylantirish esa saytning va taklifingizning ishi. Masalan, sahifa birinchi bo‘lib chiqsa-yu, narx tushunarsiz yoki buyurtma tugmasi topilmasa, odam boshqa saytga o‘tib ketadi.

  • Nima beradi: qidiruvdan keladigan mijoz oqimini, vaqt o‘tgani sari kuchayadigan sahifalarni va reklamaga kamroq bog‘liq bo‘lish imkonini.

  • Nimani bermaydi: bir kechada natijani, kafolatlangan o‘rinni va yomon taklifni sotib yuborishni.

SEO nimalardan iborat: texnik, kontent va tashqi yo‘nalish

Aslida SEO bitta ish emas, bir nechta yo‘nalish. Ularni to‘rt guruhga bo‘lish mumkin.

Tur

Nimaga qaraydi

Misol

Texnik SEO

Sayt tezligi, telefonda ochilishi, robotlar uchun ochiqligi

Sahifa sekin ochilsa, mijoz kutmasdan chiqib ketadi

Kontent SEO

Matn, sarlavha, tavsif va rasmlar

“Xona uchun konditsioner tanlash” bo‘yicha tushunarli qo‘llanma

Tashqi SEO

Boshqa saytlardan keladigan havolalar

Hamkor sayt yoki mahalliy media sizga havola beradi

Mahalliy SEO

Shahar va xaritadagi qidiruv

Xaritada klinika yoki kafe kartochkasi chiqishi

Yangi boshlayotganlarga eng foydali yo‘nalish - kontent. Hatto Google’ning o‘zi ham foydali va qiziqarli kontent boshqa maslahatlarning ko‘pchiligidan kuchliroq ta’sir qilishini yozadi. Shuning uchun avval odamlarga kerakli va foydali ma'lumotni bering, keyin texnik mayda-chuydaga o‘ting.

Kalit so‘z nima va uni qanday tanlash kerak?

Kalit so‘z — odam qidiruv oynasiga yozadigan so‘z yoki ibora. Masalan, “konditsioner o‘rnatish narxi” yoki “IELTS kursi Toshkent”. Mijozingiz qanday qidirishini taxmin qilish — SEO’ning birinchi qadami.

Tanlashda eng muhimi odamning niyati. “Konditsioner” deb yozgan kishi shunchaki ma’lumot qidirayotgan bo‘lishi mumkin. “Konditsioner sotib olish Toshkent” deb yozgan esa xarid qilmoqchi. Sotuv uchun ikkinchi so‘rov qimmatroq, chunki unda tayyor mijoz turibdi.

  1. Mijozingiz nima deb qidirishini 10–15 ta iborada yozib chiqing.

  2. Shu iboralarni Google’ga kiriting va qidiruv oynasi taklif qiladigan gap davomini ko‘ring.

  3. Birinchi sahifadagi raqobatchilar nimani qanday tushuntirganini o‘rganib chiqing.

  4. Har bir sahifaga bitta asosiy iborani biriktiring.

O‘zbek tilida qo‘shimchalar ko‘p, shuning uchun “marketing”, “marketingni” va “marketingning” alohida so‘zdek tuyuladi. Xavotir olmang: Google so‘zning turli shakllarini tushunadi. Har bir variantni sanab yozish shart emas, tabiiy yozganingiz yetarli.

O‘zbekistonda SEO’ning o‘ziga xos jihatlari

Bizda qidiruv odatlari biroz murakkabroq. Mijozingiz bir xil narsani lotin yozuvida, kirillda yoki ruscha qidirishi mumkin. Masalan, “konditsioner o‘rnatish”, “кондиционер установка” va “konditsioner ornatish” aslida bir xil narsani bildiradi.

Shuning uchun asosiy xizmatlaringiz sahifasini ikki tilda tayyorlash foydali. Ayniqsa mijozlaringiz o‘zbekcha va ruscha aralash qidiradigan sohalarda bu ish beradi. Qolaversa, shahar bo‘yicha qidiruvlarda xaritadagi biznes kartochkangiz ham sizni ko‘rsatadi. Shuning uchun uni to‘ldirib qo‘ying: manzil, ish vaqti, telefon va rasmlar.

SEO’ni qayerdan boshlash kerak?

Katta reja tuzishdan oldin oltita oddiy ishni bajaring.

  1. Google Search Console’ni ulang. Shunda sayt Google’ga ko‘rinayotganini va qaysi so‘rovlarda chiqayotganini bilasiz. Yandex Webmaster’ni ham xuddi shunday ulash mumkin.

  2. Har bir sahifaga alohida sarlavha va qisqa tavsif yozing. Ular qidiruv natijasida ko‘rinadi va odam bosish-bosmasligini hal qiladi.

  3. Tushunarli matn yozing. Uni abzaslarga va sarlavhalarga bo‘ling, rasmlarga qisqa izoh (alt matn) qo‘shing.

  4. Sahifalarni bir-biriga bog‘lang. Ichki havola robotga ham, foydalanuvchiga ham yo‘l ko‘rsatadi.

  5. Saytni telefonda tekshiring. Tez ochilishi va matn o‘qilishi qulay bo'lishi kerak.

  6. Kuting. Google o‘zgarishlar ba’zan bir necha soatda, ba’zan bir necha oyda ko‘rinishini aytadi va natijani baholashdan oldin bir necha hafta kutishni tavsiya qiladi.

SEO natijasini qanday o‘lchash mumkin?

Search Console’da uchta raqam eng foydali. Birinchidan, ko‘rishlar soni: sahifangiz qidiruv natijasida necha marta chiqqani. Ikkinchidan, bosishlar soni. Uchinchidan, sahifaning o‘rtacha o‘rni.

Ularni oyiga bir marta solishtirish kifoya, chunki har kuni qarash faqat asabni buzadi. Ayniqsa bosishlarning o‘zi emas, shu bosishlardan nechta ariza yoki qo‘ng‘iroq kelgani muhim. Buning uchun saytda Google Analytics kabi tahlil vositasi ham ulangan bo'lishi kerak.

SEO’ni o‘zingiz qilasizmi yoki mutaxassisga topshirasizmi?

Agar sayt kichik bo‘lsa va vaqtingiz bor bo‘lsa, yuqoridagi oltita qadamni o‘zingiz bajara olasiz. Lekin sayt katta bo‘lsa, texnik muammolar ko‘p bo‘lsa yoki vaqt yetmasa, mutaxassis yollash mantiqli.

Yana bir maslahat: agentlik tanlasangiz, bitta narsaga qarang. Ular nimani va nega qilishini aniq tushuntira oladimi? Rejasi yo‘q, faqat “birinchi o‘rinni olib beramiz” deydigan jamoadan uzoq turgan ma’qul.

SEO haqida ko‘p uchraydigan xatolar

Bu sohada afsona ko‘p, ayniqsa kursdan yangi chiqqanlar orasida. Eng keng tarqalganlarini ko‘rib chiqamiz.

  • Kalit so‘zni matnga qistirish. Bir so‘zni o‘n marta takrorlasangiz, matn o‘qib bo‘lmas bo‘ladi. Google buni spamga qarshi qoidalariga zid deb hisoblaydi.

  • “Meta keywords” yozish. Google bu tegni umuman hisobga olmaydi, demak vaqt behuda ketadi.

  • Maqola uzunligini maqsad qilish. Google’ning aytishicha, ideal so‘z soni yo‘q. Muhimi, savolga to‘liq javob berish.

  • “Birinchi o‘rinni kafolatlaymiz” degan va’da. Google ochiq yozadi: sayt avtomatik birinchi bo‘lib chiqadigan sir yo‘q. Shuning uchun bunday kafolat bergan agentlikdan ehtiyot bo‘ling.

Yakuniy fikr

Qisqasi, SEO nima degan savolga javob oddiy: bu sizni qidirayotgan odamga yo‘lni osonlashtirish. Sehr yo‘q, lekin sabr va tartib bo'lishi kerak. Foydali sahifa yarating, uni robotga ham tushunarli qiling va natijani bir necha hafta kuzating.

Savolingiz bo‘lsa yoki saytingizni birga ko‘rib chiqmoqchi bo‘lsangiz, Telegram’da yozing.

Ko‘p beriladigan savollar

SEO nima degani?

SEO — saytni Google va Yandex kabi qidiruv tizimlarida yuqoriroq ko‘rsatish uchun qilinadigan ishlar yig‘indisi. Bunga foydali kontent yozish, sayt texnik holatini yaxshilash va sahifalarni bir-biriga bog‘lash kiradi. Maqsad — odam kerakli so‘zni qidirganda sizning sahifangiz topilishi.

SEO natijasi qancha vaqtda ko‘rinadi?

Google o‘zgarishlar ba’zan bir necha soatda, ba’zan bir necha oyda ko‘rinishini aytadi. Natijani baholashdan oldin kamida bir necha hafta kutish tavsiya etiladi. Raqobati kuchli so‘zlar uchun esa ko‘proq vaqt ketishi mumkin.

SEO bepulmi?

Qidiruv natijasidagi o‘rin uchun Google’ga to‘lanmaydi, lekin SEO mutlaqo bepul emas. Siz kontent yozishga vaqt sarflaysiz yoki mutaxassisga to‘laysiz. Pullik reklamadan farqi shundaki, bu xarajat har bir bosish uchun emas, sahifani tayyorlash uchun qilinadi.

SEO va pullik reklamaning farqi nima?

Pullik reklama byudjet bor payt ishlaydi va to‘xtatsangiz, mijoz oqimi ham to‘xtaydi. SEO natijasi sekinroq keladi, lekin yaxshi sahifa oylab odam keltirishi mumkin. Ko‘pincha ikkalasi birga ishlatiladi.

SEO’ni o‘zim o‘rgana olamanmi yoki mutaxassis kerakmi?

Kichik sayt va bo‘sh vaqt bo‘lsa, asosiy qadamlarni o‘zingiz bajara olasiz: Search Console’ni ulash, sarlavha va tavsif yozish, foydali matn tayyorlash. Sayt katta bo‘lsa yoki texnik muammolar ko‘p bo‘lsa, mutaxassis yordami mantiqli. Kafolatli birinchi o‘rinni va’da qilgan agentlikdan ehtiyot bo‘ling.

#Google#kalit so‘z#qidiruv tizimlari#SEO#SEO nima
Postni ulashing