Marketing 12 daqiqa o'qish

Marketing o‘zi nima va biznesga nima uchun kerak?

Marketing haqida gap ketganda ko‘pchilikning xayoliga darhol reklama keladi: Instagramdagi post, Google’dagi e’lon, banner, chegirma yoki blogger bilan hamkorlik. Aslida esa reklama marketingning faqat bir qismi.

Marketing ancha keng tushuncha. U bozorda nimani taklif qilish, kimga taklif qilish, qanday narx belgilash, mahsulotni qayerda sotish, mijozga qanday yetib borish va nima sababdan aynan sizni tanlashi kerakligini tushunishga yordam beradi.

Shuning uchun marketing nima degan savolga faqat “reklama qilish” deb javob berish noto’g’ri.

Marketingning asosiy vazifasi — biznes taklif qilayotgan qiymatni mijoz uchun tushunarli qilish va uni to‘g‘ri auditoriyaga yetkazish. American Marketing Association marketingni qiymat yaratish, uni kommunikatsiya qilish, yetkazib berish va almashish bilan bog‘liq jarayonlar deb ta’riflaydi. American Marketing Association’ning marketing ta’rifi ham aynan shu keng yondashuvni ko‘rsatadi.

Marketing nima?

Oddiy tilda aytsak, marketing — odamlar nimaga muhtojligini tushunish va biznes taklifini shu ehtiyoj bilan bog‘lash jarayoni.

Bu ta’rifda bir nechta muhim jihat bor.

Masalan, siz kofe sotadigan kichik biznes ochdingiz. Sizda yaxshi kofe, chiroyli joy va tajribali barista bor. Lekin yaqin atrofdagi odamlar sizning kafeyingiz borligini bilmaydi. Yoki biladi, lekin narxingizni qimmat deb hisoblaydi. Yoki sizning asosiy mijozlaringiz ertalab ishlaydigan odamlar bo‘lsa-da, reklamangizni kechasi ko‘rsatib qo‘yyapsiz.

Bu holatlarda muammo faqat reklamada emas.

Mahsulot, narx, joylashuv, auditoriya, taklif va kommunikatsiya bir-biriga mos tushishi kerak.

Marketing aynan shu savollarga javob izlaydi:

  • Mening mijozim kim?
  • U nimani xohlaydi?
  • Uning qanday muammosi bor?
  • Men bu muammoni qanday hal qila olaman?
  • Nega u boshqa kompaniyani emas, meni tanlashi kerak?
  • Mahsulotim narxi qancha bo’lishi kerak?
  • Mijoz meni qayerdan topadi?
  • U xarid qilish uchun qanday yo‘lni bosib o‘tadi?
  • Xariddan keyin uni qanday qilib yana qaytarish mumkin?

Shu sababli marketingni faqat reklama bilan tenglashtirish noto‘g‘ri.

Reklama odatda odamga xabarni yetkazadi. Marketing esa undan oldinroq boshlanadi.

Marketing va reklama bir xilmi?

Yo‘q.

Reklama — marketing vositalaridan biri.

Buni oddiy misol bilan tushunish mumkin. Tasavvur qiling, yangi sport oyoq kiyimi chiqardingiz. Instagram’da unga reklama berdingiz. Reklama juda ko‘p odamga ko‘rsatildi, lekin sotuv bo‘lmadi.

Nima sabab?

Balki auditoriya noto‘g‘ri tanlangandir. Balki mahsulotning narxi bozordagi muqobillarga nisbatan yuqoriroqdir. Balki reklamada mahsulotning asosiy foydasi tushuntirilmagandir. Balki sayt yoki savdo jarayoni noqulaydir. Balki xaridor aynan shu mahsulotga hozir ehtiyoj sezmayotgandir.

Demak, “reklama ishlamadi” degan xulosa juda erta bo‘lishi mumkin.

Marketing nima uchun kerak?

Biznes uchun marketingning qiymati “ko‘proq reklama qilish” bilan cheklanmaydi. Marketing qarorlarni mijoz, bozor va biznes maqsadlari bilan bog‘lashga yordam beradi.

1. Mijozni yaxshiroq tushunish uchun

Yaxshi mahsulot yaratishning o‘zi yetarli emas. Muhim savol — kim bu mahsulotni sotib oladi va nima sababdan?

Masalan, siz onlayn kurs sotasiz. “Hamma uchun foydali kurs” degan pozitsiya juda umumiy.

Agar kurs:

“Raqamli marketingni noldan o‘rganib, dastlabki portfolio yaratmoqchi bo‘lgan boshlovchilar uchun”

deb aniq auditoriyaga yo‘naltirilsa, kommunikatsiyani qurish osonlashadi.

Mijozning yoshi, daromadi yoki yashash joyi kabi oddiy segmentlar bilan bir qatorda uning ehtiyoji, muammosi, xarid motivatsiyasi va qaror qabul qilish jarayoni ham muhim.

Marketing tadqiqoti aynan shu ma’lumotlarni yig‘ish va ulardan qarorlar uchun foydalanishga xizmat qiladi. American Marketing Association marketing tadqiqotini iste’molchi, mijoz va jamoatchilikni marketolog bilan ma’lumot orqali bog‘laydigan funksiya sifatida izohlaydi.

2. Mahsulotni bozorda to‘g‘ri joylashtirish uchun

Bozorda yaxshi mahsulotlar ko‘p. Shuning uchun “mening mahsulotim sifatli” degan gapning o‘zi ko‘pincha yetarli emas.

Mijoz uchun boshqa savol muhim:

“Bu mahsulot menga nima beradi?”

Masalan, ikki xil kir yuvish vositasi bir xil vazifani bajarishi mumkin. Biri “tejamkor tanlov” sifatida ko‘rinadi, boshqasi esa “premium parvarish” sifatida pozitsiyalanadi.

Mahsulotning o‘zi o‘zgarmasligi mumkin, lekin uning bozordagi o‘rni boshqacha bo‘ladi.

Marketingning vazifalaridan biri — mahsulotning kim uchun va qanday qiymat yaratishini aniq ko‘rsatish.

3. To‘g‘ri narx belgilash uchun

Narx shunchaki kalkulyatorda hisoblanadigan raqam emas.

Narx xaridorning mahsulot haqidagi tasavvuriga ham ta’sir qilishi mumkin. Juda past narx ayrim segmentlarda “sifati ham past bo‘lsa kerak” degan fikr uyg‘otishi mumkin. Juda yuqori narx esa mahsulotning qiymati yetarlicha tushuntirilmasa, xaridni qiyinlashtiradi.

Narxni belgilashda xarajatlar, raqobatchilar, mijozning to‘lov qobiliyati, mahsulotning qiymati va biznesning moliyaviy maqsadlari kabi omillar hisobga olinadi.

American Marketing Association’ning marketingning 4P modeli haqidagi materialida mahsulot, narx, joy va promotion marketing miksining asosiy elementlari sifatida ko‘rsatiladi.

Marketing qanday ishlaydi?

Marketingni bitta reklama kampaniyasi sifatida emas, o‘zaro bog‘langan jarayon sifatida ko‘rish to’g’riroq.

Oddiy model quyidagicha ko‘rinadi:

Bozorni tahlil qilosh va tushunish → auditoriyani aniqlash → taklif yaratish → pozitsiyalash → kommunikatsiya → xarid → natijani o‘lchash → yaxshilash

Jarayon odatda shu bilan tugamaydi. Xaridor bir marta sotib olgach, keyingi bosqich boshlanadi: uni qayta xaridga olib kelish, xizmat sifatini yaxshilash va brend bilan bo’lgan munosabatini yaxshilash va mustahkamlash.

Marketingning asosiy qismlari

Yo‘nalish Asosiy savol Misol
Tadqiqot Bozor va mijoz nimani xohlaydi? So‘rovnoma, intervyu, raqobatchilar tahlili
Mahsulot Mijozga nima taklif qilamiz? Mahsulot, xizmat yoki paket
Narx Qancha turadi? Premium, o‘rta yoki tejamkor segment
Joy / tarqatish Mijoz mahsulotni qayerdan oladi? Do‘kon, sayt, ilova, marketplace
Targ‘ibot Mijozga qanday yetib boramiz? Reklama, SEO, kontent, PR
Tahlil Natija qanday bo‘ldi? Sotuv, lead, CPA, ROAS, retention

Bu qismlar alohida ishlamaydi.

Masalan, zo‘r reklama yaratib, keyin mijozni sekin ishlaydigan saytga olib kelish mumkin. Yoki juda yaxshi mahsulotni noto‘g‘ri auditoriyaga targ‘ib qilish mumkin.

Shuning uchun marketingda faqat “reklama yaxshi ishlayaptimi?” degan savol emas, “butun tizim ishlayaptimi?” degan savol muhim.

Marketingning qanday turlari mavjud?

Marketing kanallari vaqt o‘tgan sari o’zgarib boradi. Ilgari televideniye, radio, gazeta va tashqi reklama katta rol o‘ynagan bo‘lsa, hozir raqamli kanallar ko‘plab bizneslar uchun asosiy vositalardan biriga aylangan.

Lekin “eski” yoki “yangi” kanal degan ajratishdan ko‘ra, auditoriyaga qaysi kanal orqali yetib borish mumkinligi muhimroq.

Raqamli marketing

Raqamli marketing internet va raqamli platformalardan foydalanadigan marketing faoliyatlarini o‘z ichiga oladi.

Unga quyidagilar kirishi mumkin:

  • SEO
  • Google Ads
  • ijtimoiy tarmoqlardagi reklama
  • kontent marketing
  • email marketing
  • influencer marketing
  • display reklama
  • video marketing
  • mobil ilova marketingi
  • remarketing

Masalan, odam Google’da “Toshkentda ingliz tili kursi” deb qidirayotgan bo‘lsa, u allaqachon ma’lum darajada ehtiyoj bildirgan bo‘ladi. Search marketing bunday mavjud talab bilan ishlashga yordam beradi. Google Ads’ning rasmiy qo‘llanmasida ham platforma yangi mijozlarga onlayn yetib borish va reklama byudjetini boshqarish imkoniyatlarini beradi deb tushuntiriladi: Google Ads haqida rasmiy ma’lumot.

Kontent marketing

Kontent marketingda brend faqat “bizning mahsulotimizni sotib oling” demaydi. U foydali ma’lumot, tushuntirish, qo‘llanma, video yoki boshqa mazmun orqali auditoriya bilan aloqa quradi.

Masalan, konditsioner sotadigan kompaniya:

“Eng yaxshi konditsioner bizda!”

deyish bilan cheklanmasdan:

“20 kvadrat metr xona uchun konditsioner tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?”

kabi mavzuda foydali material yaratishi mumkin.

Bunday kontent xaridga hali tayyor bo‘lmagan odamga ham foyda beradi.

SEO

SEO — qidiruv tizimlarida organik ko‘rinishni yaxshilashga qaratilgan ishlar majmuasi.

Bu faqat kalit so‘zlarni matnga qo‘shish emas. Saytning texnik holati, kontent sifati, sahifaning qidiruv niyatiga mosligi, ichki tuzilma va boshqa omillar ham ahamiyatga ega.

Masalan, “marketing nima?” deb qidirayotgan foydalanuvchi akademik ta’rifdan tashqari oddiy tushuntirish, misollar, marketingning vazifalari va reklama bilan farqini ham izlayotgan bo‘lishi mumkin.

Demak, SEO’da savolning o‘zini emas, savol ortidagi ehtiyojni tushunish kerak.

Marketing va savdo o‘rtasidagi farq nima?

Marketing va savdo bir-biriga juda yaqin, lekin bir xil narsa emas.

Soddalashtirib aytganda, marketing ko‘proq:

“Kimga, nimani va nima uchun taklif qilamiz?”

degan savollarga javob izlaydi.

Savdo esa:

“Bu mijozni qanday qilib real xaridga olib kelamiz?”

degan bosqichga yaqin.

Masalan, yangi restoran ochildi.

Marketing quyidagilar bilan shug‘ullanishi mumkin:

  • Qanday mijozlarni jalb qilish kerakligini aniqlash.
  • Menyuni qaysi segmentga moslashtirishni o‘ylash.
  • Restoran qanday pozitsiyalanishini belgilash.
  • Brend uslubini yaratish.
  • Reklama va kontent strategiyasini ishlab chiqish.
  • Mijoz restoran haqida qayerdan bilishini rejalashtirish.

Savdo esa telefon orqali buyurtma olish, stol band qilish yoki restorandagi xizmat jarayonini boshqarish kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid bilan bog‘liq faoliyatlarda namoyon bo‘ladi.

Ammo chegaralar har doim ham keskin emas. Ayniqsa, kichik biznesda bitta odam marketing, savdo va mijozlar bilan ishlashning bir nechta vazifasini bir vaqtning o‘zida bajarishi mumkin.

Marketing biznesga qanday foyda beradi?

Marketingning natijasini faqat “ko‘rishlar soni” bilan baholash noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Biznesga qarab maqsadlar turlicha bo‘ladi.

Masalan:

Biznes maqsadi Marketing vazifasi Kuzatilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkich
Yangi mijoz topish Auditoriyaga chiqish Lead, yangi mijoz
Sotuvni oshirish Xaridga olib kelish Foyda, buyurtmalar soni
Brendni tanitish Xabardorlikni oshirish Ohvat, Brend haqida qidirishlar soni
Qayta xaridni ko‘paytirish Mijozni ushlab qolish Qayta xaridlar soni
Yangi mahsulotni chiqarish Bozorga tushuntirish Mahlusotni tanish va foydalanish darajasi

Raqamli marketingning muhim afzalliklaridan biri — ko‘plab jarayonlarni o‘lchash imkoniyati.

Masalan, reklama 100 000 marta ko‘rildi. Bu ma’lumotning o‘zi yetarli emas.

Keyingi savollar:

Nechta odam bosdi? Nechta odam forma to‘ldirdi? Nechta odam xarid qildi? Bitta mijozni jalb qilish qanchaga tushdi? Xaridor keyin yana qaytdimi?

Shunda marketingni biznes natijasi bilan bog‘lash mumkin bo‘ladi.

Lekin har bir marketing faoliyatining natijasini bir xil muddatda o‘lchab bo‘lmaydi. Masalan, qisqa muddatli reklama kampaniyasida sotuv tezroq ko‘rinishi mumkin, brend qurilishi esa uzoqroq davrni talab qilishi mumkin.

Marketingda eng ko‘p uchraydigan xatolar

Marketing qilishning o‘zi natija kafolati emas. Noto‘g‘ri strategiya bilan katta byudjet ham samarasiz sarflanishi mumkin.

Faqat reklama haqida o‘ylash

Ko‘p bizneslarda birinchi savol shunday bo‘ladi:

“Rekalamaga qancha pul tikamiz?”

Undan oldin boshqa savollar berilishi kerak:

“Kimga reklama qilamiz?”
“Nimani taklif qilamiz?”
“Nega aynan shu taklif qiziq bo‘lishi kerak?”
“Mijoz reklamani ko‘rgach nima qiladi?”

Strategiya yo‘q joyda reklama shunchaki trafik yaratib berishi mumkin.

Hamma uchun mahsulot yaratishga urinish

“Hamma mening mijozim” degan yondashuv ko‘pincha kommunikatsiyani haddan tashqari umumiy qilib yuboradi.

Masalan, “sifatli xizmat va qulay narx” deyarli har qanday biznes aytishi mumkin.

Aniq auditoriya uchun aniq muammoni yechadigan taklif esa ancha tushunarli bo‘ladi.

Faqat raqobatchini ko‘chirish

Raqobatchida yaxshi ishlagan narsa sizda ham yaxshi ishlaydi degani emas.

Uning auditoriyasi, narxi, mahsuloti, brend pozitsiyasi, jamoasi va biznes modeli boshqacha bo‘lishi mumkin.

Raqobatchilarni o‘rganish kerak, lekin strategiyani ko‘chirib olish noto’g’ri.

Natijani noto‘g‘ri metrikada o‘lchash

10 mingta layk biznes uchun 10 mingta xarid degani emas.

Marketing ko‘rsatkichi biznes maqsadiga bog‘lanishi kerak.

Masalan, maqsad sotuv bo‘lsa, faqat ohvat(reach) yoki ko’rishlar soni (impressions) bilan cheklanib qolish yetarli emas. Maqsad brend xabardorligini oshirish bo‘lsa, faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvni kutish ham noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Yolg‘on yoki chalg‘ituvchi va’dalar berish

Marketingda ishonch juda muhim.

Reklamadagi da’volar haqiqatga mos bo‘lishi, chalg‘itmasligi va kerak bo‘lganda dalillar bilan asoslanishi kerak. Masalan, AQSh Federal Trade Commission bizneslar uchun reklama bo‘yicha qo‘llanmasida reklama da’volari rost, chalg‘itmaydigan va asoslangan bo‘lishi kerakligini qayd etadi. FTC’ning Advertising and Marketing Basics qo‘llanmasi bu masala bo‘yicha amaliy tushuntirish beradi.

Bu prinsip faqat bir mamlakat uchun emas, marketingga professional yondashuv nuqtai nazaridan ham muhim: qisqa muddatli sotuv uchun noto‘g‘ri va’da berish uzoq muddatda brendga zarar yetkazishi mumkin.

Marketingni nimadan boshlash kerak?

Marketingni boshlash uchun darhol katta reklama byudjeti ajratish shart emas.

Boshlang‘ich yondashuv sifatida quyidagi ketma-ketlik foydali:

1. Mahsulotni tushuning

Siz aslida nimani sotasiz?

Bu oddiy savoldek ko‘rinsa ham, javobi faqat mahsulot nomidan iborat bo‘lmasligi kerak.

Siz shunchaki “fitness abonementi” sotayotgan bo‘lishingiz mumkin. Lekin mijoz aslida vaqtni tejash, sog‘lomroq bo‘lish yoki ma’lum bir natijaga erishish imkoniyatini sotib olayotgan bo‘lishi mumkin.

2. Mijozni aniqlang

Ideal mijozning:

  • ehtiyoji
  • muammosi
  • xarid motivatsiyasi
  • qo‘rquvi
  • byudjeti
  • qaror qabul qilish jarayoni

haqida imkon qadar ko‘proq ma’lumot to‘plang.

Bu ma’lumot faqat taxminlardan emas, real mijozlar bilan suhbat, savdo bo‘limi ma’lumotlari, so‘rovnomalar, sayt analitikasi va boshqa manbalardan olinishi mumkin.

3. Taklifni aniq qiling

Mijoz sizdan nima olishini bir necha soniyada tushuna olishi kerak.

“Yuqori sifatli xizmat” juda umumiy.

“Biz kichik biznes uchun bir oy ichida sotuv voronkasini ishlab chiqamiz” kabi taklif esa ancha konkret.

4. Kanalni tanlang

Auditoriya qayerda?

Qaysi kanal unga mos?

SEOmi? Instagrammi? Telegrammi? Google Adsmi? Emailmi? Offline reklama yoki hamkorlikmi?

Har bir kanalni ishlatish shart emas.

5. Natijani o‘lchang

Kampaniya tugagach “reklama yaxshi chiqdi” deyish bilan ish bitmaydi.

Natijani biznes maqsadiga qarab tahlil qiling.

Qaysi auditoriya yaxshiroq ishladi? Qaysi taklif ko‘proq qiziqish uyg‘otdi? Voronkaning qaysi bosqichda foylananuvchilar/potensial mijozlar tushib qoldi? Qaysi kanal xaridga yaqinroq mijozlarni olib keldi?

Shu savollar keyingi kampaniyani yaxshilashga yordam beradi.

Oddiy marketing checklist

  • Mijozim kimligini aniq bilaman.
  • Mijozning asosiy muammosini tushunaman.
  • Mahsulotimning asosiy qiymati aniq.
  • Raqobatchilarimni bilaman.
  • Taklifimni bir-ikki jumlada tushuntira olaman.
  • Mijoz meni qayerdan topishini bilaman.
  • Xarid jarayoni imkon qadar sodda.
  • Marketing maqsadim biznes maqsadi bilan bog‘langan.
  • Natijani o‘lchash uchun kerakli ma’lumotlar mavjud.

Tez-tez so‘raladigan savollar

Marketing nima?

Marketing — mijoz ehtiyojini tushunish, biznes taklifini shakllantirish, uni to‘g‘ri auditoriyaga yetkazish va qiymat yaratish bilan bog‘liq jarayonlar birlashmasi. U reklama, savdo yoki ijtimoiy tarmoqlardan ko’ra ancha kengroq tushunchadir.

Marketing va reklama o‘rtasidagi farq nima?

Reklama marketingning bir qismi. Marketing esa mahsulot, narx, tarqatish, kommunikatsiya, auditoriya va mijoz tajribasi kabi bir nechta yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Kichik biznesga ham marketing kerakmi?

Ha. Kichik biznesda marketing hatto yanada amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, chunki cheklangan resurslarni qaysi mijozga va qaysi kanal orqali yo‘naltirish masalasi muhim. Bunda katta kampaniyalardan ko‘ra, aniq auditoriya va tushunarli taklifdan boshlash mumkin.

Marketingni boshlash uchun katta byudjet kerakmi?

Har doim ham emas. Marketing tadqiqoti, mijoz bilan suhbatlar, foydali kontent, SEO va mavjud mijozlar bilan ishlash kabi ayrim faoliyatlar katta reklama byudjetini talab qilmasligi mumkin. Pullik reklama esa maqsad, auditoriya, raqobat va kanalga qarab turli xarajatlarni talab qiladi.

Digital marketing marketingning o‘rnini bosadimi?

Yo‘q. Digital marketing — marketingning raqamli kanallar va vositalar orqali amalga oshiriladigan qismi. Marketing strategiyasi esa raqamli kanallardan tashqari mahsulot, narx, savdo, tarqatish va mijoz tajribasini ham qamrab olishi mumkin.

Marketing natijasini qanday o‘lchash mumkin?

Bu maqsadga bog‘liq. Sotuvga yo‘naltirilgan kampaniya uchun xaridlar, tushum, CPA yoki ROAS kabi ko‘rsatkichlar muhim bo‘lishi mumkin. Brend xabardorligida esa reach, branded search yoki boshqa awareness ko‘rsatkichlari ko‘proq ahamiyat kasb etishi mumkin.

Yaxshi marketing mahsulot yomon bo‘lsa ham uni sotadimi?

Marketing mahsulotdagi muammoni uzoq muddatga “yashirib” qo‘ya olmaydi. Kuchli reklama odamni jalb qilishi mumkin, lekin mahsulot kutilgan qiymatni bermasa, qayta xarid, tavsiya va brendga ishonch bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli marketing mahsulotning o‘rnini bosmaydi; uning qiymatini to‘g‘ri tushuntirish va kerakli mijozga yetkazishga xizmat qiladi.

Marketingni tushunish uchun uni faqat reklama paneli, postlar yoki bannerlar orqali ko‘rmaslik kerak. Uning markazida mijoz va qiymat turadi.

Yaxshi marketingning savoli “Qanday qilib ko‘proq reklama qilamiz?” emas, ko‘pincha “Mijozga qanday qiymat beramiz va buni unga qanday aniq tushuntiramiz?” bo‘ladi.

Mahsulot to‘g‘ri bo‘lsa, auditoriya aniq tanlansa, taklif tushunarli bo‘lsa va natijalar muntazam o‘lchansa, marketing alohida reklama kampaniyalari yig‘indisidan biznesni rivojlantirish tizimiga aylanadi.

Agar biznesingiz uchun marketing strategiyasi, reklama yoki raqamli kanallarni qanday yo‘lga qo‘yish masalasida amaliy yordam kerak bo‘lsa, forma to‘ldiring — vazifangizni ko‘rib chiqib, sizga mos ishlash yo‘nalishini birga belgilaymiz.

#marketing#reklama